Hozirda #kripto dunyosida yangi trend — ERC-404 standarti asosidagi tokenlarning paydo bo‘lishi katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. Hali tajriba bosqichida bo‘lib, tashqi tomonlar tomonidan to‘liq auditdan o‘tmaganiga qaramay, bu token investorlar e’tiborini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi.
### ERC-404 bilan tanishing

ERC-404 — Pandora loyihasi tufayli mashhurlikka erishgan #Ethereum norasmiy token standarti. Hozirda Pandoraning bozor kapitallashuvi 234 million AQSH dollariga yetdi, #PANDORA tokeni esa 29 000 AQSH dollariga baholanmoqda — bu 2-fevraldagi ishga tushirilganidan beri 10 000 foizga oshgan.
ERC-404 ERC-20 (oddiy tokenlar) va ERC-721 (NFT) afzalliklarini birlashtiradi: har bir token xaridi uchun bitta NFT beriladi. Shuni ta’kidlash kerakki, ERC-404 tranzaksiyalari butun sonli ko‘paytmalarda amalga oshiriladi: masalan, bitta token bitta NFT, ikkita token ikkita NFT beradi va hokazo.
### ERC-404 tokenining xavflari
Innovatsion imkoniyatlarni taklif qilishi bilan birga, ERC-404’da ham e’tiborga olish kerak bo‘lgan ayrim xavflar mavjud:
1. Rasman tan olinmagan: ERC-404 ERC standart formatiga amal qilsa-da, Ethereum’ning rasmiy standarti sifatida tan olinmagan va faqat eksperimental hisoblanadi.
2. NFT’ni tanlab bo‘lmaydi: Uniswap’da ERC-404 tokenlarini sotib olgan foydalanuvchilar qaysi NFT’ni olishlarini tanlay olmaydi, bu esa amaliy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
3. Manipulyatsiya ehtimoli: NFT’larning noyobligini manipulyatsiya qilish xavfi mavjud. Oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan algoritm bozorga va taqsimotga adolatsiz ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
4. Eksperimental bosqich: ERC-404 hali eksperimental bosqichda. Shu sababli investorlarga shov-shuv va FOMO ta’siriga ortiqcha berilmasdan, uning amaliyligi va uzoq muddatli barqarorligini baholash tavsiya etiladi.
ERC-404 NFT’lardan foydalanishda ko‘proq moslashuvchanlikni va’da qilsa-da, bozor ishtirokchilari bu mexanizmni to‘liq qabul qilishdan oldin ushbu xavflarni hisobga olishlari muhim.