Kriptoga ega bo‘lmagan

Bu atamaning ma’nosi juda oddiy. U kriptoga sarmoya kiritmaydigan yoki raqamli aktivlarga pessimistona qaraydigan odamni tasvirlash uchun ishlatiladi. Bunday odamlar odatda kriptovalyutalardan foydalanishning hech qanday yo‘li yo‘q deb hisoblaydi, shu sababli ularda kriptoaktivlar, kriptotokenlar yoki tangalar bo‘lmaydi. Shu bois ularga «kriptoga ega bo‘lmaganlar» deyiladi.

Zaif qo‘llar

«Zaif qo‘llar» — bozor tuzatishining ilk belgisidayoq kriptoaktivlarini sotib yuboradigan odamlarni tasvirlash uchun ishlatiladigan atama. Bunday investorlar o‘z strategiyalariga to‘liq ishonmasligi yoki salbiy yangiliklar yoxud aktiv narxining o‘zgarishidan oson cho‘chishi mumkin. Ko‘pincha aynan zaif qo‘llar ommaviy sotuvni boshlab, narxlarning keskin tushishiga sabab bo‘ladi.

Olmos qo‘llar

Olmos qo‘llar — investorlar bozor pasayishi yoki zarar ko‘rishiga qaramay, kriptoaktivlarini sotmay ushlab turishini anglatuvchi jargon atama. Bunday investorlar «zaif qo‘llar»ning aksi bo‘lib, har qanday vaziyatda ham sarmoyasini saqlab qoladi. Agar investitsiyalaringiz puxta tadqiqotlarga asoslangan va ayiq bozori ortidan qiymatini tiklashga yordam beradigan amaliy qo‘llanish holatlariga ega bo‘lsa, bu yaxshi strategiya hisoblanadi.

Biroq, olmos qo‘llarga ega bo‘lish har doim ham foydali emas. Ayniqsa, qiymati tobora tushib borayotgan va narxini qayta tiklash umidi bo‘lmagan, istiqbolsiz kriptovalyutalar haqida gap ketganda.

Qop ko‘tarib qoluvchi

Qop ko‘tarib qoluvchi — qiymati muttasil pasayib borayotganiga qaramay, kriptoaktivlarini ushlab turadigan investorni ta’riflash uchun ishlatiladigan atama. Bular narx nolga qulaganda zarar ko‘radigan o‘ta qat’iyatli investorlar bo‘lib, oxir-oqibat «qopni ko‘tarib qoladi». Ularning yagona umidi — kriptovalyuta narxi qandaydir yo‘l bilan yana ko‘tarilib, zararlarining bir qismini qoplashidir, ammo bu kamdan-kam yuz beradi. TerraUSD (UST) tokenlarini sotmay ushlab turishga qaror qilganlarning barchasi qop ko‘tarib qoluvchilarga misol bo‘la oladi. Narx qulaganidan bir necha oy o‘tgan bo‘lsa ham, TerraUSD (hozirgi TerraClassicUSD yoki USTC) deyarli hech narsaga arzimaydi.

HODL qiluvchi

HODL qiluvchi bir hafta ichida tangalarining qiymati ikki baravar oshganini yoki bir oyda 30 foizga tushganini ko‘rsa ham, ularni sotishni xayoliga ham keltirmaydi. Bu investorlar uzoq muddatli maqsadni ko‘zlaydi va bozor sharoitlaridan ta’sirlanmaydi. Tashqi tomondan juda sodda ko‘rinsa-da, HODL qilish murakkab investitsiya strategiyasidir. Oson foyda olish uchun pozitsiyangizni yopishingiz mumkin bo‘lsa ham, sarmoyada qolish uchun nihoyatda kuchli intizom kerak. Biroq, bu kriptovalyutaga sarmoya kiritishning eng samarali strategiyalaridan biri bo‘lib, ko‘plab kripto-millionerlarni yetishtirgan.

Kit

Kit — yirik investorlarni ta’riflash uchun ishlatiladigan atama. Bitcoin haqida gap ketganda, 1 000 BTC dan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan har qanday shaxs Bitcoin kiti hisoblanadi. Bu investorlar o‘z bitimlari orqali kripto bozorini boshqarish qudratiga ega. Agar ular aktivlarining yetarlicha katta qismini sotsa, kriptovalyuta narxining sezilarli darajada tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. Aksincha, muayyan kriptovalyutani katta miqdorda sotib olishni boshlasalar, narxning biroz ko‘tarilishiga ham turtki berishi mumkin. Boshqa ko‘plab qiziqarli tasniflar ham bor. Masalan, 1 BTC dan kam mablag‘ga ega investor «krevetka», 1 dan 10 BTC gacha mablag‘ga ega investor «qisqichbaqa», 10 dan 50 BTC gacha mablag‘ga ega investor esa «ahtapot» deb ataladi va hokazo.

Bitcoin maksimalisti

Bitcoin maksimalistlari uchun Bitcoin’dan yaxshiroq kriptovalyuta yo‘q. Kripto olami texnologik yutuq va yangiliklarga to‘la bo‘lsa-da, ular Bitcoin’ning xavfsiz va puxta konsepsiyasini eng muhim deb biladi. Bu investorlarni blokcheynning ajoyib imkoniyatlari va Satoshi ixtirosi ilhomlantirgan. Ularni texnologiya o‘ziga jalb qilgan, oxir-oqibat esa ular inqilobning bir qismi bo‘lib qolgan.