2026 yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiyaning "Yamal LNG" zavodidan rekord miqdorda suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) import qildi. Bu haqda dushanba, 13 iyul kuni, Financial Times (FT) Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.

Tahlilchilar hisob-kitobiga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari korxonadan 9,89 million tonna LNG xarid qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foiz ko‘p. Germaniyaning Urgewald nohukumat tashkiloti xarid qilingan gaz qiymatini taxminan olti milliard yevro deb baholamoqda. Rossiya LNGining asosiy xaridorlari Fransiya, Belgiya va Ispaniya bo‘ldi.

FT yozishicha, 2027 yil 1 yanvardan boshlab uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha Rossiya LNG importiga to‘liq taqiq kuchga kiradi. Yevropa Ittifoqi allaqachon qisqa muddatli shartnomalar bo‘yicha xaridlarni taqiqlagan. RFdan Yevropa Ittifoqiga quvur orqali gaz yetkazib berishga taqiq ham 2027 yilda kuchga kiradi.

"Yamal LNG" Yevropa bozoriga bog‘liq

FT ta’kidlashicha, Yevropa bozori "Yamal LNG" uchun hanuzgacha juda muhim, chunki korxona kichik hajmdagi maxsus Arc7 muz sinfi tankerlar flotiga bog‘liq. Ular uchun Yevropaga yo‘l katta xavf tug‘dirmaydi. Fransiya va Daniya portlarida ular ta’mirlash va texnik xizmatdan ham o‘tadi.

"Yamal LNG" — Rossiyaning "Novatek" kompaniyasi (nazorat paketiga ega), Fransiyaning Total kompaniyasi, Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi va Xitoy Ipak yo‘li jamg‘armasining qo‘shma korxonasidir.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Total loyihadagi ulushini saqlab qoldi, biroq kompaniyada Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga LNG importini taqiqlovchi sanksiyalar kuchga kirgach, undan chiqishga majbur bo‘lishlari mumkin, deb taxmin qilinmoqda, deb yozadi FT.

2026 yil mart oyida RF bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak Rossiya LNG importiga Yevropada taqiq qo‘yilgandan so‘ng yetkazib berishlar Osiyodagi "do‘st mamlakatlar"ga yo‘naltirilishini aytdi. Biroq Kpler tahlilchilari bahosiga ko‘ra, "Yamal LNG"ning Osiyoga yetkazib berishlari kamaymoqda. 2026 yilning dastlabki olti oyida ular 74 foizga qisqarib, taxminan 510 ming tonnaga tushdi.

#EnergyIndependence , #RawMaterialsMarkets