Kriptovalyutalar moliyaviy tranzaksiyalar va investitsiyalarga bo‘lgan qarashimizni tubdan o‘zgartirdi. Ammo bularning barchasini tushunish uchun ko‘plab yangi narsalarni o‘rganish kerak.

Men tez-tez eshitib, ma’nosiga tushunmay qolgan iboralardan biri — «Kripto airdropi». Aslida esa airdroplar kriptovalyutalar olamining muhim qismi bo‘lib, hatto kutilmagan mukofotlar ham olib kelishi mumkin.

Ushbu maqolada kriptovalyuta airdroplari nima ekanini, ular qanday ishlashini va kripto hamjamiyatida nega qiziqarli ekanini tushuntirishga harakat qilaman.


Kripto airdrop nima?

Kripto airdrop — kriptovalyuta yaratuvchilari o‘z tokenlarini hamyon manzillariga bepul tarqatishidir.

Odatda, bunday airdroplar yangi kriptovalyutani tanitish yoki sodiq mijozlarni mukofotlash uchun marketing strategiyasi sifatida qo‘llanadi. Olingan tokenlar kripto portfelingizga yaxshi qo‘shimcha bo‘lishi mumkin, chunki ularni almashtirishingiz yoki investitsiya sifatida saqlab qo‘yishingiz mumkin.


Kompaniyalar nega airdrop o‘tkazadi?

Kompaniyalar qimmatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan tokenlarni nega bepul tarqatishi g‘alati tuyulishi mumkin, shunday emasmi? Buning bir nechta sababi bor:

- Marketing: Airdroplar yangi kriptovalyuta haqida gap-so‘z tarqatishning ajoyib usulidir. Odamlar bepul narsalarni yoqtiradi, shu bois bu yangi token atrofida shov-shuv yaratishga yordam beradi.

  

- Markazsizlashtirish: Markazsizlashtirilgan tarmoqda hokimiyat turli foydalanuvchilar o‘rtasida taqsimlanadi. Kompaniyalar tokenlarni keng miqyosda tarqatish orqali hokimiyatning bir joyda haddan tashqari to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydi va kriptovalyutasining markazsizlashtirilgan holatda qolishini ta’minlaydi.

  

- Sadoqatni rag‘batlantirish: Muayyan kriptovalyutaga allaqachon ega foydalanuvchilar sadoqati uchun mukofot tariqasida airdrop olishi mumkin. Bu ularni tokenlarini saqlab qolishga undaydi va bozor o‘zgaruvchanligini kamaytirishga yordam berishi mumkin.


Foydalanuvchilar sifatida airdroplar tokenlarni bepul olish uchun ajoyib imkoniyatdir. Keyin ularni saqlashimiz, almashtirishimiz yoki hatto foyda olish uchun sotishimiz mumkin. Shu bois airdroplar passiv daromadning ehtimoliy manbai hisoblanadi.

Bundan tashqari, airdroplar yangi loyihalarni kashf etishimiz va istiqbolli kriptovalyutalarning ilk foydalanuvchilaridan bo‘lishimizga imkon beradi.


Kripto airdrop turlari

Airdroplarning turli turlarini tushunish bizga qaysilari ko‘proq qiziq ekanini aniqlashga yordam beradi. Umuman olganda, airdroplarni to‘rt toifaga ajratish mumkin:

- Standart airdroplar: Bu turdagi airdroplarda tokenlar muayyan kriptovalyutaga ega foydalanuvchilarga tarqatiladi. Masalan, Ethereum blokcheynida yangi token yaratilsa, uni yaratuvchilar hamyonida Ethereum (ETH) saqlaydigan barcha foydalanuvchilarga token yuborishga qaror qilishi mumkin.

- Egalarga mo‘ljallangan airdroplar: Bu turdagi airdrop muayyan kriptovalyutaga ega bo‘lganlar uchun mukofot hisoblanadi. Kompaniyalar muayyan kriptovalyutani tanlaydi va unga ega bo‘lganlarning barchasi, qaysi platformadan foydalanishidan qat’i nazar, airdrop oladi. Bu foydalanuvchilarni tokenlarini saqlab qolishga undaydi, natijada ularning qiymati saqlanib qolishi yoki hatto oshishi mumkin.


- Eksklyuziv airdroplar: Ayrim airdroplar muayyan guruhdagi odamlargagina mo‘ljallangan. Masalan, token yaratuvchilari tokenlarni obunachilariga yoki hamjamiyat a’zolariga tarqatishni tanlashi mumkin. Bunday airdroplarda qatnashish uchun foydalanuvchilar ko‘pincha ro‘yxatdan o‘tishi yoki muayyan guruh yoxud hamjamiyatga qo‘shilishi kerak.

- Bounty airdroplar: Bu turdagi airdroplarda foydalanuvchilar muayyan vazifalarni bajargani uchun mukofotlanadi. Vazifalar ijtimoiy tarmoqlarda post ulashish, blog maqolasi yozish, do‘stni taklif qilish yoki hatto loyiha dasturidagi xatolarni tuzatishdan iborat bo‘lishi mumkin. Vazifa bajarilgach, foydalanuvchi mukofot sifatida tokenlarni oladi.

Airdropning har bir turi o‘z qoidalari va qatnashish mezonlariga ega, shu bois qatnashishdan oldin airdrop tafsilotlarini o‘qib, tushunib olish muhim.


Kripto airdroplar qanday ishlaydi?

Jarayon kompaniya va airdrop turiga qarab farq qilishi mumkin. Ammo, odatda, u quyidagicha kechadi:

1. E’lon: Kompaniyalar odatda airdroplar haqida ijtimoiy tarmoqlarda yoki elektron pochta orqali yuboriladigan yangiliklar xatlarida e’lon qiladi.

2. Foydalanuvchi harakati: Airdrop turiga qarab, foydalanuvchilar muayyan harakatlarni bajarishlari kerak bo‘lishi mumkin. Masalan, egalarga mo‘ljallangan airdroplarda hamyoningizda kerakli kriptovalyuta bo‘lishi lozim. Standart airdroplarda esa shaklni to‘ldirishingiz yoki yangiliklar xatiga obuna bo‘lishingiz kerak bo‘lishi mumkin.

3. Tarqatish: Airdropdan so‘ng tokenlar talablarga javob beradigan foydalanuvchilarning hamyonlariga avtomatik ravishda o‘tkaziladi.


2024-yildagi muvaffaqiyatli airdroplardan ayrimlari

Jupiter

Solana blokcheynidagi savdo platformasi Jupiter o‘zining JUP tokenlarini katta miqyosda airdrop qildi. Buning natijasida foydalanuvchilar bazasi sezilarli darajada kengaydi va uning tokeni 2024-yilda kripto bozoridagi eng mashhur tokenlardan biriga aylandi. Foydalanuvchilar uning platformasidan kriptovalyuta ayirboshlash uchun foydalanishning o‘zi bilan bu tokenlarni olishi mumkin edi.

Saga Protocol

Blokcheynga asoslangan videoo‘yinlarga ixtisoslashgan Saga Protocol sinov tarmog‘ida o‘yin o‘ynaganlarga SAGA tokenlarini tarqatdi. Bu turdagi airdrop ko‘plab o‘yinchilarni jalb qilishga va rasmiy ishga tushirilishidan oldin loyihasi atrofida kuchli hamjamiyat shakllantirishga yordam berdi.

LayerZero

Turli blokcheynlarni o‘zaro bog‘lash imkonini beruvchi LayerZero o‘z ekotizimida faol ishtirok etgan foydalanuvchilarga, masalan, likvidlik taqdim etgan yoki markazsizlashtirilgan hamjamiyatlarda qatnashganlarga tokenlar tarqatdi. Bu tashabbus LayerZero’ga loyiha atrofida shov-shuv yaratish va ishtirokchilar tarmog‘ini mustahkamlashga yordam berdi.

Mana, umid qilamanki, bu tushuntirish kriptovalyuta airdroplari nima ekanini va ulardan qanday foydalanish mumkinligini yaxshiroq tushunishingizga yordam beradi!

#AirdropGuide