Hindistondagi Elektronika va axborot texnologiyalari vaziri fuqarolarga hujjatlarni raqamli imzolash uchun kriptografik tokenlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etishni maqsad qilgan. Maxsus veb-brauzer hujjatlarni raqamli tasdiqlash jarayonini osonlashtirishi kutilmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, Hindistonda kriptovalyutalarning huquqiy maqomini «murakkab» deb ta’riflash mumkin. Hukumat minbaridan bildirilayotgan fikrlar kriptovalyutalarni butunlay taqiqlash tarafdorligidan tortib, kriptovalyutalar, blokcheyn texnologiyasi va Web3’ni rivojlantirish choralarini taklif qilishgacha bo‘lgan qarashlarni qamrab oladi.

Hindiston Elektronika va axborot texnologiyalari vazirining tashabbusi mamlakatning taraqqiyotga intilishini aks ettiradi. Xususan, nafaqat blokcheyn texnologiyasini, balki kriptovalyutalarni ham kengroq joriy etishga e’tibor kuchayib bormoqda. Biroq Hindistonda Bitcoin va altkoinlar bilan bog‘liq vaziyat nihoyatda murakkabligicha qolmoqda. Buni Hindiston Moliya vazirligi kriptovalyutalarni soliqqa tortib, ularga pul yuvishga qarshi xalqaro standartlarni tatbiq etayotganiga qaramay, ularni qonuniylashtirish yoki butunlay taqiqlash borasida hali rasmiy pozitsiyasini bildirmagani ham ko‘rsatadi.