Xitoyning eng yirik ko‘chmas mulk quruvchisi Country Garden 2023-yilning birinchi yarmida 7,6 milliard dollar zarar ko‘rishini kutmoqda. Bu kompaniya 2007-yilda birjaga chiqqanidan beri eng katta zarari bo‘ladi. Bu xabar Country Garden uchun yana bir jiddiy muammoni yuzaga keltirdi, chunki kompaniya shu hafta dollar obligatsiyalari bo‘yicha muhim foiz to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshira olmadi.

Country Garden’ning savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 60 foizga kamaydi. Bu pasayish oldingi bir necha oydagidan ancha keskin. Quruvchi kompaniya, shuningdek, foyda marjasi qisqarganini, ko‘chmas mulk loyihalari qiymatini yo‘qotganini, kvartiralar savdosi ketma-ket to‘rt oy pasayganini va qayta moliyalashtirish tobora qiyinlashayotganini ma’lum qildi.

Nega Xitoyning uy-joy bozori qiyin ahvolda? Shu yil boshida Xitoy hukumati aksiyalar orqali qayta moliyalashtirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi va banklarga Country Garden kabi ayrim quruvchi kompaniyalarga moliyaviy ko‘mak berishni topshirdi. Shundan so‘ng Xitoy ko‘chmas mulk bozorida tiklanish alomatlari paydo bo‘ldi. Biroq bozorning jonlanishi qisqa davom etdi: ikkinchi chorakda savdo yana pasaydi, Xitoy iqtisodiyotining o‘sish sur’ati ham sekinlashdi.

Xitoy hukumati 2020-yil avgustida ko‘chmas mulk sohasidagi qarzdorlik darajasiga qarshi choralar ko‘rganidan beri mamlakat ko‘chmas mulk bozori kredit inqiroziga yuz tutdi. Bozorning ko‘p yillik tez o‘sishi taklif talabdan ancha oshib ketgan «arvoh shaharlar»ning ko‘payishiga olib keldi, quruvchi kompaniyalar esa foydali loyihalarni egallash uchun shoshildi. Shunga qaramay, joriy yilning birinchi yarmida Xitoyda ko‘chmas mulkka kiritilgan investitsiyalar qariyb 8 foizga kamaydi.