Kriptovalyutaga uzoq muddatga sarmoya kiritish kerakmi yoki yo‘qligini tushunish uchun quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:

  1. Kriptovalyuta tabiatining o‘ziga xos jihatlari.

  2. Kriptovalyutalarga bo‘lgan talab.

  3. Raqamli aktivlar bozorining rivojlanish salohiyati.

Uzoq muddatli investitsiya strategiyasi bitkoin kodiga singdirilgan

Kriptovalyuta uzoq muddatli investitsiya uchun yomon tanlov emasligini tushunish uchun bozor yetakchisi — bitkoin narxining yillar davomida qanday o‘zgargani haqidagi statistikaga qarash kifoya. Hatto 2022-yildagi kriptoqish davrida narx sezilarli darajada tushganiga qaramay, bundan ikki yildan ko‘proq vaqt oldin kriptovalyutaga sarmoya kiritgan barcha investorlar foydada qolmoqda.

Manba: https://coin.dance/stats

Endi harakatlari raqamli aktivlar bozorining boshqa ishtirokchilariga ta’sir qiladigan bitkoinning o‘zi nega umuman qimmatlashishini ko‘rib chiqamiz.

Bir nazariyaga ko‘ra, BTC narxi davriy ravishda o‘zgaradi. Kriptovalyuta kodida mayning tezligining (yangi tangalarning muomalaga chiqarilish tezligining) pasayishi — halving — belgilangan. Bu hodisa taxminan har 4 yilda bir marta sodir bo‘ladi. Halving BTC mayningi tezligini roppa-rosa 2 baravar kamaytiradi. Natijada bozorga yangi tangalar oqimi taxminan har 4 yilda ikki baravar qisqaradi.

Bitkoin emissiyasi cheklangan. Jami 21 millionta tanga qazib olinadi. Maqola yozilayotgan paytda 19,2 milliondan ortiq BTC qazib olingan. Grafikda yangi tangalar oqimi sekinlashib borayotgani (ko‘k chiziq) fonida kriptovalyuta kursi o‘sayotganini ko‘rish mumkin. Buning sababi quyidagicha:

  • Kriptovalyutalarning ommalashuvi davom etmoqda. Buni turli tadqiqotlar natijalari ham tasdiqlaydi. Masalan, 2022-yil dekabrida JPMorgan tahlilchilari 2020–2022-yillar oralig‘ida kamida bir marta kriptovalyuta sotib olgan amerikaliklar ulushi 3 foizdan 13 foizgacha oshganini aniqladi.

  • BTC ommalashgani sari halvinglar tufayli bozordagi tangalar taklifi kamayib bormoqda. Bu o‘zgarishlar bitkoin taqchilligini yuzaga keltiradi va aynan shu holat kriptovalyuta kursini yuqoriga ko‘taradi.

Bitkoin kursi (qora chiziq) va BTC qazib olish tezligi (ko‘k chiziq). Manba: blockchain.com

Shunday qilib, halvinglar bitkoin sikllarini boshlab beradi. Kriptovalyuta tarixidan ko‘rinib turibdiki, bu sikllar ko‘p jihatdan bir-birini takrorlaydi. Masalan, har bir siklda kriptoqish — raqamli aktivlar bozorida narxlar uzoq vaqt davomida pasayib boradigan davr — kuzatiladi.

Grafikda har bir bitkoin halvingidan so‘ng uning narxi yangi rekordni yangilashini ko‘rish mumkin. BTC mayningi tezligining navbatdagi pasayishi ham bu safar kriptovalyutaga ATH ko‘rsatkichini yangilashga yordam beradi, deb taxmin qilish uchun asoslar bor.

Manba: https://www.blockchaincenter.net/en/bitcoin-rainbow-chart/

Keyingi halvinggacha 300 kundan ortiq vaqt bor, demak, buqa bozoriga tayyorlanishga ulgurish mumkin.

Ko‘plab yirik kompaniyalar kriptovalyutaga uzoq muddatli investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rmoqda. Quyida ommaviy kompaniyalar orasidagi bitkoin bo‘yicha eng yirik 10 ta investor ro‘yxati keltirilgan:

Manba: https://buybitcoinworldwide.com/treasuries/

Qiziq! Ko‘plab yirik o‘yinchilarni na kriptoqish, na FTX’ning qulashi cho‘chitadi. Masalan, 2022-yil dekabrida Goldman Sachs moliyaviy konglomerati kriptoindustriyaga kiritiladigan investitsiyalarni oshirishini e’lon qildi.

Goldman Sachs’ning raqamli aktivlar bo‘limi rahbari Metyu Makdermott bank «bir nechta kriptofirmaga» nisbatan tegishli tekshiruv jarayonini o‘tkazayotganini ma’lum qildi. U tafsilotlarni oshkor etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, FTX inqirozi ishonchliroq, tartibga solinadigan xizmat provayderlariga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirdi va yirik banklar biznesni kengaytirish istiqbollarini ko‘rdi.

«Biz haqiqatan ham ancha maqbul narxda juda qiziqarli imkoniyatlarni ko‘ryapmiz», — dedi Makdermott.

Goldman Sachs allaqachon 11 ta kriptokompaniyaga, jumladan CertiK, One River Digital, Elwood Technologies, Blockdaemon va Coin Metrics’ga investitsiya kiritgan.

Xulosa: Bitkoin uzoq muddatli istiqbolda qimmatlashishi uchun dasturlashtirilgan. BTC qaysi tomonga harakat qilsa, raqamli aktivlarning butun bozori ham o‘sha tomonga boradi. Shu sababli, kriptoqishdan so‘ng yana buqa bozori boshlanib, kriptovalyutaga mutlaq rekordni yangilashga yordam beradi, deb taxmin qilish mumkin.

Raqamli aktivlar bozori qanday salohiyatga ega ekanini esa keyingi qismda ko‘rib chiqamiz.