Yaqinda dunyodagi eng yirik texnologiya kompaniyalaridan biri Microsoft yetakchi blokcheyn kompaniyasi Aptos Labs bilan sun’iy intellekt (AI) va Web3 o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish uchun hamkorlik qilayotganini e’lon qildi. Aptos Labs bosh direktori Mo Shaikhning aytishicha, hamkorlik Microsoft’ning AI modellari kripto kompaniyasining tasdiqlangan blokcheyn ma’lumotlari asosida o‘qitilishiga imkon beradi. Bundan tashqari, Aptos o‘z blokcheynining validator tugunlarini yetakchi bulutli hisoblash yechimlaridan biri bo‘lgan Microsoft Azure’da ishga tushiradi. Shaikh bu qadam Microsoft xizmatlarining ishonchliligi va xavfsizligini oshirishga qaratilganini tushuntirdi.

Microsoft va Aptos o‘rtasidagi hamkorlik Bitcoin narxining 30 ming dollarlik psixologik chegaradan oshishiga yordam berdi; uning 24 soat ichidagi o‘sishi 1,65 foizdan yuqori bo‘ldi. Shu kuni boshqa muhim altkoinlar ham o‘sdi: Ethereum 1,5 foiz, XRP 3,8 foiz va Solana 5,6 foizga qimmatlashdi.

Aptos va Microsoft hamkorligining ta’sirini baholashga hali erta bo‘lsa-da, bu o‘tgan yildan buyon bahs-munozaralar markazida bo‘lib kelayotgan blokcheyn kompaniyasi uchun kutilgan katalizator bo‘lishi mumkin. Aptos Labs’ning mahalliy kriptovalyutasi APT ushbu yangilikdan eng ko‘p naf ko‘rdi va 16 foizdan ortiq o‘sdi.

E’tiborlisi, Aptos ko‘pincha Ethereum’ning asosiy raqibi sifatida ta’riflansa-da, u ikkinchi yirik kriptovalyutadan ancha ortda. Ayniqsa, 2022-yil oktabrda ishga tushirilganidan keyin bu tokenning narxi keskin tushib ketdi, chunki blokcheynning soniyasiga 100 000 ta tranzaksiyani amalga oshirish haqidagi va’dasi umuman ro‘yobga chiqmadi. Biroq shu yil boshida NFTlarga bo‘lgan talabning yuqoriligi tufayli ushbu yangi birinchi qatlam tarmog‘i rekord darajadagi yuqori narxga erishdi. Maqola yozilayotgan paytda kriptovalyuta 7,77 dollardan savdo qilinmoqda.