AQSh Ichki daromadlar xizmati (IRS) 31-iyul kuni kriptovalyuta sohasiga soliq solishga oid yangi qoidalarni joriy etgani haqida bayonot berdi. Ushbu qoidalarga ko‘ra, steyking orqali kriptovalyuta tarmoqlarini tasdiqlash jarayonida ishtirok etayotgan shaxslar soliq to‘lashi shart bo‘ladi. Bu jarayonda olingan foyda yalpi daromad sifatida hisoblanadi va yillik soliq deklaratsiyalarida ko‘rsatilishi hamda soliqqa tortilishi kerak.
Ushbu qoidalar Proof-of-Stake tarmoqlarini himoyalashda bevosita ishtirok etayotganlarga ham, kriptovalyutalarini kriptovalyuta birjalari orqali steyking qilayotganlarga ham tegishli. Bu yangi qaror kriptovalyuta sohasi uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, chunki IRSning avvalgi yo‘riqnomalarida kriptovalyutalar bilan bog‘liq bunday faoliyatlar alohida ko‘rib chiqilmagan edi. Messari asoschisi Ryan Selkisning aytishicha, IRS kriptovalyuta steykingini aksiyalardan dividend olishga o‘xshash deb hisoblaydi va shu sababli ushbu yangi soliq qoidalarini joriy etgan.