Kriptovalyutalarga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lishi aytilayotgan CFTCga ushbu qonun loyihalari ko‘proq vakolat berishi va SEC vakolat doirasini aniqroq belgilashi mumkin.
2022-yildan beri Kongressga kamida 50 ta raqamli aktivlar bo‘yicha qonun loyihasi kiritilgani xabar qilingan. Ular steyblkoinlardan tortib AQSh regulyatorlarining vakolat doiralarigacha bo‘lgan masalalarni tartibga solishni ko‘zlaydi.
Biroq, qonun chiqaruvchilar va kripto sanoatining e’tiborini hisobga olganda, ularning kamida to‘rttasi (qabul qilinsa) sohaga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin deb hisoblanadi.
XXI asr uchun moliyaviy innovatsiyalar va texnologiyalar to‘g‘risidagi qonun
20-iyulda taqdim etilgan ushbu qonun loyihasi raqamli aktiv tovar yoki qimmatli qog‘oz ekanini aniqlash uchun aniq jarayon yaratishga qaratilgan va nazorat organlarining vakolat doiralariga oydinlik kiritadi.
AQSh Vakillar palatasining Qishloq xo‘jaligi va Moliyaviy xizmatlar qo‘mitalaridagi respublikachi a’zolar tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasi Tovar fyucherslari savdosi komissiyasiga (CFTC) raqamli tovarlar ustidan vakolat beradi va Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasining (SEC) yurisdiksiyasiga oydinlik kiritadi.
Qimmatli qog‘ozlar deb tasniflangan kriptoaktivlarni tovar sifatida qayta tasniflash imkonini beruvchi yo‘l ham yaratiladi — bu o‘tmishdagi huquqiy qarorlar tufayli amalda faoliyati to‘xtatilgan ayrim loyihalarning qayta tiklanishiga olib kelishi mumkin.