Uorren Baffet va Bill Geytsni tinglang. Bir suhbatda ulardan muvaffaqiyatga erishishlariga sabab bo‘lgan bitta sirni aytish so‘raldi. Bu ularning ustozlari ham, texnik ko‘nikmalari ham emasdi. Omad ham emasdi. Bu — diqqatni jamlash edi.
Aksariyat tadbirkorlarda bunday qobiliyat yo‘q. Quyosh nuri bir nuqtaga jamlanmaguncha qog‘ozni kuydira olmaganidek, diqqatni jamlamasdan turib ham sezilarli natijaga erisha olmaysiz.
Agar siz oddiy odam bo‘lsangiz, hayotingizni saqlab qolish uchun ham o‘tirib, diqqatingizni jamlay olmaysiz. Hatto xayolingiz boshqa narsaga chalg‘imasdan bu matnni ham o‘qiy olmaysiz. Aksariyat odamlarning diqqati bir daqiqagina jam bo‘lib turishga ham yetmaydi.
Muvaffaqiyatsizlikka uchragan tadbirkorlar ishlashga qodir emasliklarini yashirib, omadsizliklariga bozorni yoki odamlarni sabab qilib ko‘rsatishadi. Ammo gapning qisqasi — diqqatni jamlay olmaslikda.
Ha, mahsulotingiz yoki xizmatingizda texnik muammolar bo‘lishi mumkin. Yoki jamoangiz yomon bo‘lgandir. Yoki mahsulotingiz foydasiz bo‘lgandir. Yoki savdo jarayoningiz ish bermagandir.
Ammo buni ko‘rib, tuzatishga yetarlicha diqqat qaratmadingiz.
Bozor qanchalik yomon bo‘lmasin, baribir pul topayotgan kimdir bo‘ladi. Siz bilan uning o‘rtasidagi yagona farq — diqqatni jamlay olish qobiliyatingiz.
Biznesda pul topish uchun bor kuchingizni sarflashingiz kerak. Xayolingiz parishon va asabiy holatda ishlashga urinsangiz, muvaffaqiyatsizlikka uchraysiz.
Bir necha soatlab o‘tirib ishlash qobiliyatini rivojlantirganimdagina biznesim olti xonali daromad keltira boshladi.