Osaka universitetining Mexanika fanlari va bioinjeneriya kafedrasi tadqiqotchilari harakatlanish uchun dinamik beqarorlikdan foydalanadigan yangi turdagi yuruvchi robotni ixtiro qilishdi. Muftalarning egiluvchanligini o‘zgartirish orqali robotni murakkab hisoblash boshqaruv tizimlarisiz buriladigan qilish mumkin. Bu ish notekis joylarda harakatlana oladigan qutqaruv robotlarini yaratishga yordam berishi mumkin.

Yer yuzidagi hayvonlarning aksariyati turli xil muhitlarda yuqori darajada harakatchan bo‘lish imkonini beradigan, oyoqlarga asoslangan mustahkam harakatlanish tizimini evolyutsiya davomida rivojlantirgan. Afsuski, bu yondashuvni takrorlashga uringan muhandislar oyoqli robotlar kutilganidan ancha mo‘rt ekanini ko‘p bor aniqlashgan. Takroriy zo‘riqish tufayli hatto bitta oyog‘ining ishdan chiqishi ham bunday robotlarning ishlash qobiliyatini keskin cheklashi mumkin. Bundan tashqari, robot murakkab muhitlarda harakatlana olishi uchun ko‘p sonli bo‘g‘imlarni boshqarish katta hisoblash quvvatini talab etadi. Ushbu dizaynni takomillashtirish izlanish yoki qutqaruv vositasi sifatida ishlay oladigan va xavfli hududlarga kira oladigan avtonom yoki yarim avtonom robotlarni yaratishda nihoyatda foydali bo‘lardi.

Osaka universiteti tadqiqotchilari tabiiy beqarorlikdan foydalanib, to‘g‘ri yurishni egri harakatga aylantira oladigan biomimetik «mingoyoq» robotni yaratishdi. Yaqinda Soft Robotics jurnalida chop etilgan tadqiqotda Osaka universiteti olimlari olti segmentdan (har bir segmentga ikkita oyoq ulangan) va egiluvchan bo‘g‘imlardan iborat robotini tasvirlab berishdi. Sozlanadigan vint yordamida yurish paytida muftalarning egiluvchanligini motorlar orqali o‘zgartirish mumkin. Tadqiqotchilar bo‘g‘imlar egiluvchanligini oshirish «pitchfork bifurkatsiyasi» deb ataladigan holatga olib kelishini, bunda to‘g‘ri yurish beqarorlashishini ko‘rsatishdi. Buning o‘rniga robot o‘ngga yoki chapga egri chiziq bo‘ylab yurishga o‘tadi. Odatda muhandislar beqarorlik yuzaga kelishining oldini olishga harakat qilishadi. Biroq undan nazorat ostida foydalanish samarali harakatlanish imkonini beradi. «Bizni ayrim o‘ta chaqqon hasharotlarning o‘z harakatidagi dinamik beqarorlikni boshqarib, harakat yo‘nalishini tez o‘zgartira olish qobiliyati ilhomlantirdi», — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Shinya Aoi. Bu yondashuv tana o‘qining harakatini bevosita boshqarmasdan, egiluvchanlikni nazorat qilgani uchun hisoblash murakkabligini ham, energiya sarfini ham sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Jamoa robotning muayyan joylarga yetib borish qobiliyatini sinovdan o‘tkazdi va u nishonlar tomon egri yo‘llardan yurib harakatlana olishini aniqladi. «Qidiruv-qutqaruv ishlari, xavfli muhitlarda ishlash yoki boshqa sayyoralarni tadqiq etish kabi turli xil vaziyatlarda qo‘llash imkoniyatlarini ko‘ra olamiz», — deydi tadqiqotning yana bir muallifi Mau Adachi. Kelajakdagi versiyalar qo‘shimcha segmentlar va boshqaruv mexanizmlarini o‘z ichiga olishi mumkin.

#GOATMoments #science #robot