Hozirda markazlashgan va markazlashmagan kriptovalyuta savdo platformalari savdoning turli xil usullarini taklif qiladi. Yangi boshlayotgan treyderlarga odatda soddaroq va tushunarliroq variant — spot savdodan boshlash tavsiya etilsa-da, kriptovalyuta derivativlari bozorini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. So‘nggi bir necha yil ichida bu bozor bir necha barobar o‘sdi.

Boshqa derivativlar orasida eng ommaboplaridan biri fyucherslardir. Spot va fyuchers bozorlari o‘rtasidagi farqlarni tushunish tajribali kripto treyderiga aylanish yo‘lidagi ilk qadamlardan biridir. Ushbu maqolada spot va fyuchers savdosining xususiyatlarini ko‘rib chiqamiz hamda ularni bir necha jihatdan taqqoslaymiz.

Kripto spot savdosi nima?

Spot savdo — kriptovalyutani darhol yetkazib berish (to‘lov “shu zahoti”) bilan sotib olish yoki sotishdir. Savdoning bu turi har qanday aktivlarni — kriptovalyutalar, NFT, fiat valyutalari va boshqalarni — ayirboshlash imkonini beradi.

Spot savdo — kriptovalyuta savdosining eng keng tarqalgan va eng sodda turi. Spot savdo strategiyasining mohiyati kriptovalyutani joriy bozor narxida sotib olib, keyinroq yuqoriroq narxda sotishdan iborat.

Spot bitimlar markazlashgan va markazlashmagan kriptovalyuta birjalaridan tortib oddiy Telegram chatbotlari/botlarigacha bo‘lgan turli platformalarda amalga oshiriladi. An’anaviy fond birjalaridan farqli ravishda, barcha kriptovalyuta spot birjalari 24/7 ishlaydi.

Spot savdosining afzalliklari

Spot savdosining uni shu qadar ommalashtirgan bir nechta muhim afzalliklari bor:

  • Birinchidan, bu hatto yangi boshlovchilar uchun ham juda oson;

  • Spot bozori treyderlari sotib olingan aktivlarga egalik qiladi;

  • Marja, kredit yelkasi, amal qilish muddati va likvidatsiya kabi murakkab tushunchalar yo‘qligi sababli xatarlar minimal;

Spot savdosining kamchiliklari

Biroq, spot savdoning ayrim kamchiliklari ham bor:

  • Treyder kriptovalyutaga egalik qilgani sababli, uni saqlash mas’uliyati ham uning zimmasiga tushadi;

  • Spot bozorda kredit yelkasi bilan savdo qilish mumkin emas, bu esa ko‘proq foyda olish imkoniyatlarini cheklaydi;

  • Sotib olingan kriptovalyuta egalari faqat bozor ko‘tarilgandagina daromad olishi mumkin. Shuning uchun pasayish trendi davrida investor aktivlarining qiymati tushadi.

Spot bozorining turlari

Spot savdo ikki xil bozorda amalga oshadi: OTC bozorlari va Redot kabi kriptovalyuta birjalarida.

Birjalardagi savdo

Kriptovalyuta birjalari kriptovalyuta sanoatining tayanchidir. Shu sababli spot savdolar asosan kriptovalyuta birjalarida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, kriptovalyuta birjalari aktivlarni steykingga qo‘yish orqali passiv daromad olish imkonini ham beradi.

Birjalardagi bitimlar buyurtmalar kitobi mavjud savdo terminali yoki avtomatlashtirilgan market-meyker orqali amalga oshiriladi. Birjalar markazlashgan (CEX) yoki markazlashmagan (DEX) bo‘lishi mumkin. Markazlashgan birjalar, aslida, xaridor va sotuvchi o‘rtasida vositachilik xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlardir. Markazlashmagan birjalar esa blokcheyn asosida ishlaydi. Savdolar vositachilarsiz, bevosita sotuvchi va xaridor o‘rtasida amalga oshadi.

Birjadan tashqari savdo (OTC)

OTC yoki birjadan tashqari savdo P2P (tengdoshdan tengdoshga) platformalaridagi bitimlarni anglatadi. Aktivlar jismoniy yoki yuridik shaxslar o‘rtasida bevosita ayirboshlanadi. OTC savdosi odatda yetarlicha sotuvchi va xaridor mavjud bo‘lgan agregator saytlar yoki Telegram botlarida amalga oshiriladi.

Manba: WallStreetMojo

OTC platformalari markazlashgan birjalarga qaraganda yuqoriroq anonimlik darajasini taklif qiladi (garchi tobora ko‘proq platformalar KYC tekshiruvini talab qilayotgan bo‘lsa-da). Biroq, ko‘plab birjalar eskrou mexanizmini joriy etayotgani sababli, OTC savdosini kriptovalyuta sotib olishning ancha ishonchli usuli deb hisoblash mumkin.

Shuni ta’kidlash kerakki, OTC bozorlari nafaqat anonim qolishni istagan kichik investorlarni, balki “kitlar”ni ham jalb qiladi. Yirik ishtirokchilar katta hajmdagi savdolari kriptovalyuta grafiklariga ta’sir qilmasligi uchun OTC bozorida xarid qiladi.

Derivativlar nima?

Kripto bozorida spot savdodan tashqari boshqa moliyaviy vositalar ham mavjud. Ulardan biri — kripto derivativlari. Bular mohiyatan kelajakdagi muayyan vaqtda aktivni sotib olish yoki sotish uchun tuziladigan shartnomalardir. Treyderlar asosiy aktivlarga egalik qilmaydi, ammo shartnomani bajarish huquqi yoki majburiyatiga ega bo‘ladi.

Derivativlar kredit yelkasi bilan savdo qilish imkonini beradi va bu ehtimoliy foydani oshirishi mumkin. Biroq, derivativlar ancha murakkab vosita ekanini yodda tutish kerak. Ulardan faqat yetarli bilimga ega bo‘lgandan keyingina foydalanish lozim. Aks holda, treyderlar mablag‘larini yo‘qotish va qarzga botish xavfiga duch keladi.

Kripto fyuchers savdosi nima?

Eng ommabop kriptovalyuta derivativlaridan biri — kriptovalyuta fyucherslari. Bular asosiy kriptovalyutaning qiymatini aks ettiruvchi shartnomalardir. Fyuchers shartnomasini sotib olish uning asosidagi aktivni sotib olish bilan teng emas. Siz kelajakda oldindan belgilangan qat’iy narxda asosiy aktivni sotib olish yoki sotish majburiyatini olgan holda shartnoma egasiga aylanasiz.

Masalan, BTCUSD shartnomasi bilan savdo qilganingizda, siz aslida BTC sotib olmaysiz yoki sotmaysiz, balki BTC qiymatidan kelib chiqadigan qiymat bilan savdo qilasiz. Siz asosiy aktiv (BTC) narxi ko‘tarilishi yoki pasayishiga tikasiz. Foyda yoki zarar bashoratingiz qanchalik aniq bo‘lishiga bog‘liq.

Fyuchers savdosi yuqori xatarli va yuqori daromadli faoliyat bo‘lib, tajribali treyderlar va investorlarga ko‘proq mos keladi. Bu, eng avvalo, qarz mablag‘laridan foydalanib ancha yirik pozitsiyalar ochish imkonini beruvchi kredit yelkasidan foydalanish bilan bog‘liq. Yaxshiyamki, marja savdosi xatarlari sug‘urta fondlari kabi himoya va risklarni boshqarish mexanizmlari orqali ma’lum darajada qoplanadi.

Kripto fyuchers savdosining afzalliklari

Fyuchers savdosining bir qator afzalliklari bor: eng avvalo, undan to‘g‘ri foydalanganda xatarlardan himoyalanish uchun ajoyib vosita bo‘ladi;

  • Barcha fyucherslarni short qilish mumkin, bu esa pasayuvchi bozorda foyda olish imkonini beradi;

  • Kredit yelkasi treyderlarga foydani oshirish uchun o‘zlarida mavjud bo‘lmagan mablag‘ bilan bitimlar tuzish imkonini beradi;

  • Fyucherslar likvidligi yuqori aktivlar qatoriga kiradi, chunki ular treyderlar orasida ancha ommabop.

Kripto fyuchers savdosining kamchiliklari

Kamchiliklari qatoriga yangi boshlovchilar uchun fyuchers bozoriga kirishning murakkabligi va, ayniqsa, kredit yelkasidan foydalanganda yuzaga keladigan yuqori xatarlar kiradi. Asosiy aktiv qiymatining qisqa muddatli tebranishlari pozitsiya likvidatsiyasiga va katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, fyucherslar egalarga imtiyoz bermaydi. Masalan, investorlar steykingdan iqtisodiy foyda ololmaydi, chunki ular asosiy kriptovalyutaga egalik qilmaydi.

Kripto spot savdosi va fyuchers savdosi

Spot savdo va fyuchers savdosi kriptovalyuta bilan savdo qilishning eng ommabop ikki usulidir. Xo‘sh, spot va fyuchers savdosining farqi nimada?

Kredit yelkasi

Fyuchers va spot savdoni taqqoslaganda, ularning asosiy farqi kredit yelkasi tushunchasidir. Fyuchers savdosida kapital samaradorligini oshirish uchun kredit yelkasidan foydalaniladi. Masalan, 1 bitcoin (taxminan 20 000 dollar qiymatida) sotib olmoqchi bo‘lsangiz-u, hisobingizda atigi 1000 dollar bo‘lsa, qolgan 19 000 dollarni birjadan qarz olishingiz mumkin (20x kredit yelkasi).

Spot savdoda esa kredit yelkasi mavjud emas. Siz shunchaki mavjud aktivlaringizni joriy bozor narxida boshqa aktivlarga almashtirasiz. Demak, spot bozorda 1 BTC sotib olish uchun aynan 20 000 dollar kerak bo‘ladi. Fyuchers bozorida esa 1 BTC uchun pozitsiya ochishga bu summaning atigi 10–15 foizi kifoya qiladi.

Spot narx va fyuchers narxi

Spot bozoridagi barcha bitimlar talab va taklifga qarab belgilanadigan joriy narxda amalga oshiriladi.

Fyuchers narxi asosiy spot narx va fyuchers mukofotidan tashkil topadi. Fyuchers mukofoti ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin. Ijobiy mukofot fyuchers narxi spot narxdan yuqori ekanini bildiradi. Aksincha, salbiy mukofot fyuchers narxi spot narxdan past ekanini anglatadi. Talab va taklif muvozanatining o‘zgarishi fyuchers mukofotining ham o‘zgarishiga olib kelishi mumkin.

Kontragent riski

Fyuchers shartnomasi mohiyatan muayyan narxda kelajakda amalga oshiriladigan bitim haqidagi kelishuv bo‘lgani uchun, hisob-kitob sanasida tomonlardan biri o‘z majburiyatlarini bajarmasligi ehtimoli mavjud.

Spot bozorda hisob-kitob avtomatik tarzda, shu yerning o‘zida amalga oshadi va birja kafillik vazifasini bajaradi. OTC bozoridagi P2P savdolarida esa eskrou xizmati kabi himoya mexanizmlari mavjud.

Long yoki short pozitsiya ochish imkoniyati

Spot bozorda aktivlarni sotib olganingizdan keyin, faqat ularning qiymati oshishi hisobiga daromad olishingiz mumkin. Fyucherslar esa yanada moslashuvchan vositadir. Ular pasayuvchi bozorda ham daromad olish imkonini beradi. Buning uchun short pozitsiya ochish mumkin. Bu xususiyat, shuningdek, fyuchers shartnomalaridan bozor o‘zgaruvchanligidan himoyalanish uchun foydalanish imkonini beradi.

Forkdan ulush olish

Spot bozorda sotib olingan kriptovalyutalarga egalik qilganingiz uchun aktiv bilan bog‘liq barcha huquqlarga, jumladan, forklar, steyking va airdroplarga ham ega bo‘lasiz. Kriptovalyuta forki yuz berganda, yangi blokcheyn tarmog‘ining tangalarini olasiz. Masalan, 2017-yilda har bir bitcoin (BTC) egasi 1 ta Bitcoin Cash (BCH) olgan. Albatta, fyuchers treyderlari forkdan ulush olish huquqiga ega emas, chunki ular asosiy aktivlarga emas, shartnomalarga egalik qiladi.

Spot va fyuchers bozorlarida bitimning ikki asosiy ishtirokchisi bor: xaridor va sotuvchi. Spot bitimlar vositachilarsiz amalga oshirilishi mumkin. Masalan, P2P platformalari vositachisiz savdo qilish imkonini beradi.

Kredit yelkasidan foydalanilgani sababli, fyuchers bitimi vositachini talab qiladi. Odatda, vositachi markazlashgan birja bo‘ladi. Agar pozitsiya DEX’da ochilsa, vositachi vazifasini smart-kontrakt bajaradi.

Savdo komissiyalari

Odatda, spot savdo komissiyalari sodda tuzilishga ega. Masalan:

Savdo komissiyasi = 1 BTC * 0,1% = 0,001 BTC

Biroq, komissiya miqdori buyurtma turiga bog‘liq. Agar limit buyurtmasi bersangiz, siz maker bo‘lasiz. Ko‘pgina platformalarda makerlar uchun komissiya yo‘q yoki juda past bo‘ladi. Makerlar buyurtmalar kitobini to‘ldirib, birjaga likvidlik qo‘shgani uchun kamroq komissiya to‘laydi.

Agar bozor buyurtmalaridan foydalansangiz, siz taker bo‘lasiz. Takerlar buyurtmalar kitobidagi likvidlikni olib qo‘ygani sababli ularga yuqoriroq komissiyalar qo‘llanadi.

Maker/taker qoidalari fyuchers bozorida ham amal qiladi. Biroq, komissiya tuzilmasi biroz murakkabroq. Treyderlar pozitsiyani ochish va yopish uchun ham komissiya to‘laydi. Shu sababli pozitsiyaning nominal qiymati komissiyani hisoblash formulasiga kiritiladi:

Masalan, komissiya = nominal qiymat * komissiya stavkasi;

Nominal qiymat = (shartnomalar soni * shartnoma hajmi) / ochilish/yopilish narxi.

Yetkazib berish sanasi

Spot bitim shu yerning o‘zida hisob-kitob qilinsa, fyucherslarning hisob-kitob vaqti turlicha bo‘lishi mumkin. Hisob-kitob odatda amal qilish muddati tugagan sanada yoki shu sanaga yaqin vaqtda amalga oshiriladi. Masalan, oylik fyucherslar har oyning oxirgi juma kuni, choraklik fyucherslar esa har chorakning oxirgi juma kuni muddati tugab, hisob-kitob qilinadi.

Shartnoma muddati tugaganda, xaridorlar va sotuvchilar asosiy aktivni bevosita ayirboshlamaydi. Buning o‘rniga fyuchers birjasi barcha ochiq pozitsiyalar bo‘yicha indeks asosida hisoblangan oxirgi bir soatlik o‘rtacha narx — hisob-kitob narxida hisob-kitobni amalga oshiradi.

Fyucherslarning ayrimlari yetkazib berish sanasisiz (muddatsiz) bo‘lishi mumkinligini ham aytib o‘tish joiz. Ular perpetуal fyucherslar yoki “perps” deb ataladi. Perps orqali savdo qilganda, foydalanuvchilar fyucherslar taqvimini kuzatib borishlari shart emas. Pozitsiyani likvidatsiya qilinguniga qadar cheklanmagan muddat ushlab turish mumkin.

Xulosa

Spot va fyuchers bozorlari juda ommabop bo‘lishiga qaramay, ular o‘rtasida ko‘plab tub farqlar mavjud. Qaysi birini tanlash, avvalo, ehtiyojlaringiz, tajribangiz va savdo strategiyalaringizga bog‘liq.

Agar uzoq muddatli investitsiyalarni afzal ko‘rsangiz va kriptovalyutalardan faol foydalansangiz, spot bozori sizga ko‘proq mos keladi. Ammo kriptovalyutalar narxida spekulyatsiya qilishni afzal ko‘rsangiz, fyuchers shartnomalari eng yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin. Tajribali treyderlar ikkala bozor imkoniyatlaridan ham foydalanishi mumkin.