Platforma foydalanuvchilarga Twitter’ga qaraganda bitta postda ko‘proq matn joylash imkonini beradi, ammo maxfiylik bilan bog‘liq muammolar uning Yevropa Ittifoqida ishga tushirilishini kechiktirdi.

Meta Twitter’ga matnli raqib bo‘lgan Threads’ni rasman ishga tushirdi.
Ilova chorshanba kuni 100 dan ortiq mamlakatdagi Apple va Android ilovalar do‘konlarida foydalanishga topshirildi, biroq ma’lumotlar maxfiyligi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli uning Yevropadagi taqdimoti kechiktirildi.
“Qani, boshladik. Threads’ga xush kelibsiz”, deb yozdi Meta bosh direktori va Facebook asoschisi Mark Sukerberg yangi platformadagi ilk postida. Hozircha unda reklama bo‘lmaydi.
Threads platformasi haqida bilishingiz kerak bo‘lgan ma’lumotlar:
Threads shunchaki Twitter’ning nusxasimi?
Qaysidir ma’noda, ha. Twitter’ga o‘xshab, yangi ilovada foydalanuvchilar yoqtirishi, ulashishi va javob berishi mumkin bo‘lgan qisqa matnli postlar bor. Biroq ayrim atamalar o‘zgartirilgan: retvitlar “qayta ulashishlar”, tvitlar esa “threads” deb ataladi.
Meta blogidagi postga ko‘ra, postlar 500 tagacha belgidan iborat bo‘lishi mumkin — bu tvitdagidan deyarli ikki baravar ko‘p. Ularga havolalar, fotosuratlar va besh daqiqagacha bo‘lgan videolarni ham qo‘shish mumkin.
Twitter’dan muhim farqlaridan biri — Threads’da shaxsiy xabar yuborish imkoniyati yo‘q.
Meta’ning yangi mahsuloti Elon Musk Twitter’ga tartibsiz egalik qilayotgan vaqtda ishga tushmoqda. Bu esa ijtimoiy tarmoq platformasining kelajagi haqida savollar tug‘dirdi. Threads mashhurlar, kompaniyalar va siyosatchilar uchun asosiy muloqot kanaliga aylana oladimi?
“Bunga biroz vaqt ketadi, lekin menimcha, milliarddan ortiq odam foydalanadigan ommaviy suhbatlar ilovasi bo‘lishi kerak. Twitter’da buni amalga oshirish imkoniyati bo‘lgan, lekin u uddalay olmadi. Umid qilamanki, biz uddalaymiz”, dedi Zuckerberg Threads’dagi postida.
Instagram’dan ajralib chiqqan ilova
Threads Twitter auditoriyasini jalb qilishni istaydi, ammo u endigina ish boshlayotgan startap emas. U Meta’ga tegishli Instagram negizida yaratilgan va 2 milliarddan ortiq foydalanuvchidan iborat tayyor auditoriyaga ega. Shu bois unga hammasini noldan boshlashga hojat yo‘q.
Foydalanuvchilar Instagram hisob ma’lumotlari orqali tizimga kirib, o‘sha akkauntlarni kuzatishi mumkin. Bu Instagram foydalanuvchilari uchun ilovani kundalik odatlariga oson qo‘shish imkonini beradi.
Payshanba kuni e’lon qilingan postida Instagram rahbari Adam Mosseri platforma “ommaviy suhbatlar” uchun yaratilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya “Instagram’da fotosuratlar va videolar uchun yaratgan narsalarimizning bir qismini matn bilan birga Threads’ga olib kelmoqchi”.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Meta odamlar platformada “do‘stona va ochiq” suhbatlarda qatnashishiga umid qilmoqda.
Mosserining aytishicha, Meta Mastodon serveri va tarmog‘i asosidagi texnologiya — ActivityPub protokolini ham joriy etmoqchi. Bu Instagram foydalanuvchilariga o‘z kuzatuvchilarini Threads’ga olib o‘tish imkonini berishi mumkin.
Tahlilchilarning aytishicha, investorlarni Threads’ning Instagram bilan aloqasi unga tayyor foydalanuvchilar bazasi va reklama tizimini taqdim etishi mumkinligi hayajonga soldi. Bu Twitter kabi raqiblarning reklama daromadlaridan sezilarli qismini tortib olishi mumkin.
Threads bilan bog‘liq maxfiylik muammolari
Threads Twitter’dan foydalanish tajribasini yaxshilashi mumkin, biroq uning foydalanuvchilari maxfiyligi raqib platformasidagiga qaraganda ancha kam himoyalangan.

Meta shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishi uchun uzoq vaqtdan beri tanqid qilinadi. Kompaniya bu ma’lumotlardan maqsadli reklamalar uchun foydalanib, har chorakda milliardlab dollar foyda oladi.
Bu uning Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishini kechiktirdi. U yerda foydalanuvchilarning maxfiyligini himoya qilishga qaratilgan qat’iy qoidalar amal qiladi.
Shunday qoidalardan biri platformalarning mahsulotlar o‘rtasida shaxsiy ma’lumotlarni uzatishini cheklaydi, Instagram esa Threads bilan aynan shunday qilmoqchi. Meta WhatsApp messenjerini sotib olganidan keyin ma’lumotlarni uzatayotgani fosh bo‘lgan edi. Yevropa regulyatorlari kompaniya Threads bilan ham shunday qilmasligiga ishonch hosil qilish uchun hushyor turadi.
Kimlar ro‘yxatdan o‘tdi?
Zuckerbergning aytishicha, Threads ishga tushirilganidan keyingi dastlabki to‘rt soat ichida 5 million foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Jennifer Lopez, Shakira va Hugh Jackman kabi mashhurlar, shuningdek The Washington Post, Reuters va The Economist kabi OAV sahifalari allaqachon faol edi.
MANBA: AL JAZEERA VA AXBOROT AGENTLIKLARI