Polygon tarmog‘ini yaratgan Polygon Labs kompaniyasi bo‘lajak «Polygon 2.0» loyihasi uchun arxitektura taklif qildi. Jamoa 29-iyundagi blog postida yangi loyiha Ethereum orqali bir-biriga ulanadigan tarmoqlar majmuasini yaratish uchun o‘zaro birlashadigan to‘rtta turli «qatlam»dan iborat bo‘lishi kerakligini aytdi. Validatorlar ma’qullasa, Polygon 2.0’da ko‘prik tranzaksiyalarini «deyarli bir zumda va atomar» amalga oshiradigan agregator ham bo‘ladi, dedi jamoa.
Jamoa Polygon 2.0 loyihasini ilk bor 12-iyun kuni e’lon qilib, yangi loyiha internetning «qiymat qatlamini» yaratishini ta’kidladi. Ammo o‘sha paytda tafsilotlar kam edi. 20-iyun kuni hammuassis Mihailo Bjelic amaldagi Polygon tarmog‘ini nol bilim isbotlaridan foydalanadigan tarzda yangilashni taklif qildi. Uning aytishicha, bu eski tarmoqni 2.0 «qarashlari»ga moslashtirish uchun zarur.