AQSh qonunchilari sun’iy intellektga nisbatan yondashuvni belgilash uchun komissiya tuzishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. «Sun’iy intellekt bo‘yicha milliy komissiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi sun’iy intellekt sohasida qoidalar yaratishni maqsad qilgan.
Taklifni Vakillar palatasi a’zolari Ted Lyu, Ken Bak va Anna Eshoo taqdim etdi. Unda sun’iy intellekt texnologiyasini tartibga solish bo‘yicha keng qamrovli asos ishlab chiqadigan komissiya tuzish taklif etiladi.
Qonun loyihasi sun’iy intellekt texnologiyasi bilan bog‘liq ehtimoliy xavflarni bartaraf etishga qaratilgan. Ted Lyu qonun loyihasiga oid bayonotida tartibga solinmagan sun’iy intellekt tug‘diradigan xavflarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Komissiya tuzilsa, sun’iy intellektning ehtimoliy xavflarini bartaraf etish uchun hukumat vakillari va soha vakillari birgalikda ish olib borishi kutilmoqda.
Sun’iy intellekt va raqamli siyosat markazi direktori Merve Hickok ham Milliy sun’iy intellekt komissiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Hickok komissiyaning tashkil etilishini kelajak uchun muhim qadam deb hisoblaydi va Ted Lieu hamda Ken Buckning sa’y-harakatlarini olqishlaydi. Bundan tashqari, Hickok Kongressni Milliy sun’iy intellekt komissiyasi to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga undaydi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari o‘tgan yil davomida ommalashdi va bu butun dunyo bo‘ylab tartibga soluvchi organlarning ushbu texnologiya bilan bog‘liq xavotirlarini bildirishiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab texnologiya yetakchilari ham sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqishni sekinlashtirish choralarini ko‘ra boshladi.
Elon Musk yaqinda sun’iy intellektni rivojlantirishni sekinlashtirishga chaqiruvchi hujjatni imzoladi. OpenAI bosh direktori Sam Altman ham sun’iy intellekt sohasida samarali tartibga solish zarurligi borasida xavotir bildirdi.