SEC va Binance.US barcha aktivlarni muzlatib qo‘yishning oldini oladigan kelishuv bo‘yicha muzokara olib boradi
AQSh okrug sudyasi Emi Berman Jekson ikki tashkilotga murosaga erishish ustida ishlashni buyurdi.
Binance.US va AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) birjaga barcha aktivlarini muzlatib qo‘ymaslik imkonini beradigan kelishuv ustida ishlashga rozi bo‘ldi.
14-iyun kuni Bloomberg xabar berishicha, AQSh okrug sudyasi Emi Berman Jekson ikki tashkilotni birja faoliyatini to‘xtatmasdan mijozlar mablag‘larini himoya qilish uchun murosali kelishuvga erishish ustida ishlashga yuborgan.
“Uni butunlay yopib qo‘yish nafaqat kompaniya, balki umuman raqamli aktivlar bozorlari uchun ham jiddiy oqibatlarga olib keladi”, dedi Jekson 13-iyundagi tinglovda.
Sudya Jeksonning qayd etishicha, ikki tomon vaziyatni magistrat sudya bilan ko‘rib chiqib bo‘lmaguncha, u SECning vaqtinchalik taqiqlovchi order berish haqidagi iltimosi bo‘yicha yakuniy qaror chiqarmaydi.
Magistrat sudya bilan olib borilgan muzokaralar bo‘yicha yangilanish 15-iyun kuni ish vaqti tugagach taqdim etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, uning qayd etishicha, masala yuzasidan kelishuvga erishish borasida SEC va Binance.US “unchalik uzoq emas”dek ko‘ringan.
Sudya Jekson tinglovda qaror chiqarmasidan oldin, SECning sobiq ijro ishlari bo‘yicha advokati Jon Rid Stark o‘zining Twitter’dagi 20 000 nafar kuzatuvchisiga “har bir tomon tinglovdan nimaga erishmoqchi ekanligi borasida katta ziddiyat bor”ligini ma’lum qildi.