Kriptovalyuta birjasi Binance US federal sudyani AQSh qimmatli qog‘ozlar regulyatorining uning aktivlarini muzlatish haqidagi talabini rad etishga chaqirdi. Himoyachi advokatlar sudga taqdim etgan hujjatda kompaniya savdo platformasini yurita olmasligi, xodimlar va xizmat ko‘rsatuvchilarga haq to‘lay olmasligi aytildi.
«SEC talab qilayotgan keskin choraga hojat yo‘q», deydi Binance US advokatlari
Eng yirik kriptovalyuta birjasi Binance’ning AQShdagi sho‘ba korxonasi Binance US federal sudyadan AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasining (SEC) o‘zi boshqarayotgan milliardlab dollarlik aktivlarni muzlatish haqidagi talabini rad etishni so‘radi.
O‘tgan hafta SEC Binance.US, Binance Holdings Ltd. va Binance asoschisi hamda bosh direktori Changpeng Zhaoga qarshi davom etayotgan sud jarayoni mobaynida platformadagi kriptoaktivlarni muzlatish uchun suddan ruxsat so‘radi. Bunga mijozlar mablag‘lari xavfsizligi borasidagi xavotirlar sabab qilib ko‘rsatildi.
“Faoliyat tezda to‘xtab qolardi”, — deya dushanba kuni sudga topshirilgan hujjatda Binance US vakillari bo‘lgan advokatlar Bloomberg nashriga iqtibos keltirgan holda bildirishdi. Advokatlar birjaning xodimlar va yetkazib beruvchilarga haq to‘lay olmasligidan ogohlantirib, quyidagilarni ta’kidlashdi:
Kompaniyaning barcha aktivlari muzlatilsa, bank hamkorlari, ehtimol, mijozlarga mablag‘larni qaytarish kabi har qanday maqsadda pul o‘tkazish haqidagi so‘rovlarni bajarishni to‘xtatadi.
SEC Binance’ni sudga berganida, birjani “AQSh qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunlarini ochiqdan-ochiq mensimaslik” va “yillar davomida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yish”da aybladi. Mijozlar mablag‘larini noto‘g‘ri boshqarish, investorlar va tartibga soluvchi organlarni chalg‘itish ham da’vo qilingan qonunbuzarliklar qatorida sanaldi. Biroq himoya guruhi mijozlar aktivlari xavfsiz ekanini ta’kidlab, quyidagilarni bildirdi:
SEC talab qilayotgan keskin choraga hojat yo‘q.
Hujjatda aytilishicha, Binance US’ning bank hamkorlaridan biri kripto platformaga 14-iyundan boshlab uning aktivlarini saqlamay qo‘yishini allaqachon ma’lum qilgan. Xabarda qayd etilishicha, bu hamkor SEC arizasi yuzasidan sud qaror chiqarguniga qadar kompaniya hisobidagi barcha operatsiyalarni ham muzlatib qo‘ygan.
Payshanba kuni Binance US mijozlariga dollar depozitlari va yechib olishlarni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. Birja faqat kripto savdosi platformasiga o‘tayotgani sababli foydalanuvchilardan AQSh dollaridagi mablag‘larini 13-iyungacha yechib olishni so‘radi.