Sun’iy intellekt yetakchilari ochiq maktubda «qirilib ketish xavfi» haqida ogohlantirdi
Sun’iy intellekt xavfsizligi markazi (CAIS) yaqinda sun’iy intellekt sohasidagi taniqli shaxslar imzolagan bayonotni e’lon qildi. Unda ushbu texnologiya insoniyat uchun tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xavflar ta’kidlangan.
Bayonotda «sun’iy intellekt tufayli qirilib ketish xavfini kamaytirish pandemiyalar va yadro urushi kabi butun jamiyat miqyosidagi boshqa xavflar bilan bir qatorda global ustuvor vazifa bo‘lishi kerak», deyiladi.
Taniqli tadqiqotchilar va Tyuring mukofoti sovrindorlari, jumladan, Geoffery Hinton va Yoshua Bengio, shuningdek, OpenAI va DeepMind rahbarlari, xususan, Sam Altman, Ilya Sutskever va Demis Hassabis bayonotni imzoladi.
CAIS maktubining maqsadi AI bilan bog‘liq dolzarb xavflar yuzasidan muhokama boshlashdir. Maktub kengroq sohada ham qo‘llab-quvvatlandi, ham tanqid qilindi. U Ilon Mask, Stiv Voznyak va 1 000 dan ortiq boshqa mutaxassislar imzolagan, AI’ning “nazoratdan chiqqan” rivojlanishini to‘xtatishga chaqirgan avvalgi ochiq xatdan keyin e’lon qilindi.
Yaqinda e’lon qilingan bayonot qisqa bo‘lishiga qaramay, unda AI ta’rifi haqida aniq tafsilotlar keltirilmagan va xavflarni kamaytirish bo‘yicha amaliy strategiyalar taklif etilmagan. Biroq CAIS matbuot bayonotida maqsadi AI xavflarini samarali boshqaradigan himoya choralari va institutlarni barpo etish ekanini aniqlashtirdi.
OpenAI bosh direktori Sem Altman global yetakchilar bilan faol muloqot qilib, AI’ni tartibga solishga chaqirmoqda. Yaqinda Senat oldida chiqish qilganida, Altman qonun chiqaruvchilarni ushbu sohani qat’iy tartibga solishga qayta-qayta undadi. CAIS bayonoti uning AI xavflari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga mos keladi.
Ochiq xat katta e’tibor qozongan bo‘lsa-da, AI etikasi bo‘yicha ayrim mutaxassislar bunday bayonotlar chiqarish odatini tanqid qildi.
Mashinaviy o‘rganish bo‘yicha tadqiqotchi olima doktor Sasha Luccioni, pandemiyalar va iqlim o‘zgarishi kabi aniq xavflar qatorida taxminiy AI xatarlarini ham tilga olish ularning ishonchliligini oshirishi, biroq noxolislik, huquqiy muammolar va rozilik kabi dolzarb masalalardan e’tiborni chalg‘itishini aytadi.
Yozuvchi va futurist Daniel Jeffriesning fikricha, AI xavflarini muhokama qilish mavqe orttirish o‘yiniga aylangan: odamlar hech qanday haqiqiy xarajatga duch kelmasdan, ommaviy oqimga qo‘shilmoqda.
Tanqidchilarning ta’kidlashicha, kelajakdagi tahdidlar haqida ochiq xatlarga imzo chekish hozirgi AI zararlariga mas’ul bo‘lganlarga aybdorlik hissini yengillashtirish imkonini beradi, shu bilan birga allaqachon qo‘llanayotgan AI texnologiyalari bilan bog‘liq axloqiy muammolar e’tibordan chetda qoladi.
Biroq, San-Fransiskoda joylashgan notijorat tashkilot CAIS texnik tadqiqotlar va targ‘ibot orqali AI bilan bog‘liq jamiyat miqyosidagi xavflarni kamaytirishga e’tibor qaratishda davom etmoqda. Tashkilotga kompyuter fanlari bo‘yicha bilimga ega va AI xavfsizligiga katta qiziqish bildirgan mutaxassislar hamkorlikda asos solgan.
Ba’zi tadqiqotchilar inson imkoniyatlaridan ustun keladigan va insoniyat mavjudligiga tahdid soladigan superintellektli AI paydo bo‘lishidan xavotirda bo‘lsa, boshqalar taxminiy qiyomat ssenariylari haqidagi ochiq xatlarga imzo chekish e’tiborni AI bilan bog‘liq mavjud axloqiy muammolardan chalg‘itadi, deb hisoblaydi. Ular bugungi kunda AI keltirib chiqarayotgan kuzatuv, algoritmlardagi noxolislik va inson huquqlarining buzilishi kabi haqiqiy muammolarni hal etish zarurligini ta’kidlaydi.
AI taraqqiyotini mas’uliyat bilan joriy etish va tartibga solish bilan muvozanatlash tadqiqotchilar, siyosatchilar hamda soha yetakchilari uchun muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.