Global kriptovalyuta birjasi Binance Yaponiya aholisi uchun yangi kripto savdo platformasini yaratganini va u shu yozda foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi. Birjaning ta’kidlashicha, yangi birja Yaponiyaning kripto sohasidagi qoidalariga to‘liq rioya qiladi va dastlab cheklangan miqdordagi tokenlar savdosini taklif qiladi.
Binance Yaponiya foydalanuvchilari uchun yangi kripto savdo platformasini yaratdi
Global kriptovalyuta birjasi Binance shu yozda Yaponiya aholisi uchun mahalliy kripto savdo platformasini ishga tushirishini e’lon qildi. Binance shunday deb yozdi:
Mahalliy qoidalarga to‘liq rioya qilish maqsadida Yaponiyada yashovchilar uchun yangi platforma yaratganimizni mamnuniyat bilan e’lon qilamiz.
“Yangi platforma shu yozda ishga tushadi. Ishga tushirish sanasini ma’lum qilamiz va kelgusi oylarda batafsil ma’lumot beramiz”, deya davom etdi global kripto birjasi.
E’londa aytilishicha, Binance’ning global platformasi tomonidan taqdim etiladigan xizmatlar 30-noyabr kuni Yaponiyada yashovchilar uchun to‘xtatiladi. “Global platforma foydalanuvchilari 2023-yil 1-avgustdan keyin foydalanish mumkin bo‘ladigan yangi shaxsni tasdiqlash jarayoni (KYC) orqali yangi mahalliy platformaga o‘tishlari mumkin.”
Binance batafsil ma’lum qilishicha, 1-dekabrdan boshlab Yaponiyada yashovchi mahalliy foydalanuvchilarning Binance.com’dagi barcha hisoblari “faqat mablag‘ yechib olish rejimi”ga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Binance yangi Yaponiyadagi platformasi “mahalliy qoidalarga rioya qilish uchun dastlabki bosqichda derivativlar xizmatlarini taqdim etmasligini” qayd etdi.
Yangi Binance Japan platformasida qaysi kripto tokenlar mavjud bo‘lishi haqida kripto kompaniyasi quyidagicha izoh berdi:
Binance Japan platformasida dastlabki bosqichda spot savdosi uchun cheklangan miqdordagi tokenlar mavjud bo‘ladi. Mahalliy qoidalarga rioya qilish uchun ayrim mahsulotlar taklifiga ham cheklovlar qo‘yilgan. Imkon bo‘lishi bilan ko‘proq mahsulot va xizmatlarni qo‘shamiz.
Binance yana shunday dedi: “Dastlabki qadam sifatida 30 dan ortiq tokenni taqdim etishni maqsad qilganmiz. Yangi tokenlar tasdiqlangach, yangiliklar va batafsil ma’lumotlarni taqdim etamiz.”
O‘tgan yilning noyabr oyida Binance Yaponiyaning eng yirik moliyaviy regulyatori — Moliyaviy xizmatlar agentligi tomonidan tartibga solinadigan kripto birja xizmati provayderi Sakura Exchange Bitcoin (SEBC)ning 100 foizini sotib olganini aytgan edi. “Yaponiya bozori kelajakda kriptovalyutalarning ommalashuvida muhim rol o‘ynaydi. Yuqori darajada rivojlangan texnologik ekotizimga ega, dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biri sifatida u blokcheyn texnologiyasining keng joriy etilishi uchun allaqachon qulay sharoitga ega”, dedi Binance Japan bosh menejeri Takeshi Chino.