Kuniga 16 foizgacha daromad va’da qilgan ko‘p pog‘onali moliyaviy piramida sxemasi: Janubiy Koreyada millionlab dollarlik kriptofiribgarlik tarmog‘i fosh etildi.

Keng ko‘lamli firibgarlik amaliyoti 2020–2021-yillarda ikki nafar jinoyatchi tomonidan amalga oshirilgan. Ular onlayn P2P bozorida "raqamli moda" mahsulotlarini sotishgan. Bunga "virtual" kiyimlar, shuningdek, hanbok va kimono kabi an’anaviy koreys va yapon kiyimlari ham kirgan. Platformada o‘z kriptovalyutasi ham bo‘lgan.

Firibgarlar bu jarayonda 435 nafar jabrlanuvchidan 333 million AQSh dollari yig‘ishgan. Operatorlar yangi "a’zolar"ni "bozor"ga jalb qilish uchun ko‘p pog‘onali "moliyaviy piramida" sxemasini yaratishgan. Buning evaziga ularga kuniga 16 foizgacha yuqori daromad va’da qilingan.

Janubiy Koreyada kriptofiribgarlik avj olmoqda

Janubiy Koreya hukumati kriptovalyutalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashni 2023-yil uchun eng muhim vazifalaridan biri deb e’lon qildi va kriptovalyutalar orqali pul yuvishga chek qo‘yish uchun «Virtual valyutalarni kuzatish tizimi»ni joriy etdi. Cointelegraph ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Janubiy Koreya fuqarolari «noqonuniy» kripto birjalari orqali qariyb 5,6 trillion Janubiy Koreya voni (4,3 milliard AQSh dollari) miqdorida tranzaksiyalarni amalga oshirgan.

Janubiy Koreya, shuningdek, mash’um kriptofiribgar Do Kvonning vatani. U 2023-yil mart oyida Interpol tomonidan hibsga olingan. Rasmiylar Terra Luna asoschisini tergov qilmoqda. Kriptoekotizim o‘tgan yili qulab tushdi. Yetkazilgan zarar: qariyb 40 milliard AQSh dollari. Bu qulash hozirgi ayiq bozoriga olib kelgan omillardan biri bo‘ldi.