O‘qotar quroldan olingan jarohat, millionlab bitkoin va shubhali kripto loyiha. Politsiya bedarak yo‘qolgan Onfocoin asoschisining jasadini topdi.

Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, politsiya Onfocoin asoschisi doktor Jon Forsitning jasadini u bedarak yo‘qolganidan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib, 30-may kuni topdi. 21-may kuni qarindoshlari shoshilinch tibbiy yordam shifokori Missuri shtatining Kassvill shahridagi Mercy kasalxonasidagi navbatchiligiga kelmagach, uni bedarak yo‘qolgan deb xabar qilishdi.
Ko‘p o‘tmay uning oilasi ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot so‘rab murojaat e’lon qildi. 28-may kuni rasmiylar shifokorning mashinasi kasalxonadan bir mildan kamroq masofada turganini aniqlashdi. Qulflanmagan mashina ichidan xodimlar hamyon, pasport, noutbuk va ish hujjatlari solingan portfelni topishdi.
Ikki kundan keyin politsiya Forsythning jasadini u oxirgi marta ko‘rilgan joydan bir soat janubda topdi. O‘qdan yaralangan bo‘lishiga qaramay, politsiyachilar qasddan sodir etilgan jinoyatdan shubhalanmayotganini aytishdi. Forsyth va uning akasi Onfocoin kripto kompaniyasiga asos solgan. Saytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilar u yerda do‘stlarini taklif qilib pul ishlashlari mumkin. «Ko‘plab odamlarni taklif qiling, bir tiyin ham sarflamasdan balansingiz oshadi», deya va’da beradi go‘yoki Stellar blokcheyniga asoslangan kripto loyiha.
Twitter’dagi so‘nggi post 2019-yil 19-iyul sanasi bilan joylangan. Bu Onfocoin (ONFO) kriptovalyuta Coinsbit birjasida savdo qilinishi mumkinligi haqida xabar berilganidan keyin edi. ONFO’ni na CoinMarketCap’dan, na Coingecko’dan topish mumkin. Forbes’ning yozishicha, Forsyth matematikani o‘rgangan va BTC hamda blokcheyn bilan erta tanishgan «bitcoin millioneri» bo‘lgan. Onfocoin asoschisi sirli sharoitlarda vafot etgan ilk kriptoinvestor emas. Aprel oyida Cash App ixtirochisi Bob Lee pichoq bilan hujum qilinganidan keyin vafot etdi — jinoyatchining shaxsi hanuz noma’lum.