Bir necha oylik kuchli o‘sishdan so‘ng, Bitcoin may oyida bu yilgi ilk keskin pasayishni boshdan kechirdi. Kriptovalyuta ilk bor oyni salbiy natija bilan yakunladi.
Hozircha Bitcoin investorlari uchun 2023-yil qoniqarli kechmoqda. Yil boshidan buyon 1-raqamli kriptovalyuta narxi 16 540 AQSh dollaridan (USD) 30 486 USD gacha ko‘tarildi. BTC narxlar jadvalida yillik eng yuqori ko‘rsatkichni 14-aprel kuni qayd etdi.
Yil boshidan buyon Bitcoin narxi
Biroq, yaqinda Bitcoin korreksiya bosqichiga o‘tdi. Yozilayotgan paytda raqamli oltinning bir donasi 27 109 USD turadi. Ayniqsa, may oyida uning narxi muntazam pasayib bordi. BTC tahlilchisi PlanB Twitter’da ta’kidlaganidek, bu o‘tgan oy joriy yilda salbiy natija bilan yakunlangan birinchi oy bo‘ldi.
Endi nima bo‘ladi?
Ammo alomatlar hanuz ijobiy, deydi BTC-ECHO bozor eksperti Stefan Lübeck: “Umuman olganda, yil boshidan beri davom etayotgan o‘sish harakati saqlanib qolmoqda”. Uning fikricha, Bitcoin iyun oyida uzoq muddatli tendensiyaga amal qilishda davom etishi ikki omilga bog‘liq.
Bir tomondan, Gonkongning yangi kripto markazi atrofidagi ijobiy o‘zgarishlar kelgusi oylarda savdo hajmlariga chindan ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadimi, buni hali ko‘rish kerak. Uzoq Sharqdan kripto bozoriga yangi kapital oqimi kriptovalyutaga yangi sur’at berishi mumkin.
BTC-ECHO bozor eksperti Stefan Lübeck. Gonkong Qimmatli qog‘ozlar va fyucherslar komissiyasi (SFC) may oyi oxirida maxsus iqtisodiy hududda kripto birjalarini litsenziyalashga yo‘l ochdi. May oyidan boshlab birjalar savdo litsenziyasini olish uchun ariza topshirishi mumkin.
Lübeckning fikricha, narxni belgilovchi yana bir omil — global M2 pul massasi. Bunga dunyo bo‘ylab muomaladagi naqd pullar hamda qisqa muddatli talab qilib olinguncha depozitlar, ya’ni joriy hisobvaraqlardagi pullar kiradi.
Pul taklifi, ya’ni tizimdagi likvidlik oshsa, investorlar Bitcoin kabi tavakkalchiligi yuqori aktivlarga sarmoya kiritishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Lübeckning aytishicha, pul-kredit siyosatidagi bu burilish uchun, eng avvalo, iqtisodiy rivojlanish hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Yozda narxlar barqarorlashadimi?
Kriptofondlar provayderi F5 Crypto tahlilchisi Grigori Akimov bu yilgi kuchli o‘sishni hisobga olib, yoz boshida narxlar barqarorlashishi davri boshlanishini kutmoqda.
Hozirda Bitcoin 27 000 yevrodan 30 000 yevrogacha bo‘lgan muhim makroqarshilik zonasida qiynalmoqda. 2023-yil iyun oyi uchun ehtimolga yaqin prognoz — 23 000 yevrodan 27 000 yevrogacha bo‘lgan yonlama tendensiyada narxlarning barqarorlashishi.
F5 Crypto kompaniyasining kriptoanalitigi Grigori Akimov
Bundan tashqari, Akimovning aytishicha, hozir yoz fasli — bu odatda (kripto) bozorlaridagi faollik mo‘tadil bo‘lishini anglatadi. “Yozda bozorlar odatda sokinroq bo‘ladi”. Shu bois tahlilchi hozircha uzoq davom etadigan keskin o‘sishni kutmayapti.
Yevro hududida inflyatsiya pasaymoqda: bu Bitcoin narxi uchun yaxshimi?
Ayni paytda inflyatsiyada biroz pasayish kuzatilmoqda. Eurostatning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida yevro hududidagi inflyatsiya darajasi atigi 6,1 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 0,9 foiz punktga kam.
Yevropa Markaziy bankining (ECB) cheklov choralari samara bermoqda; biroq inflyatsiya darajasining kutilmaganda keskin pasayishi foiz stavkalarida burilishga olib kelishi ehtimoldan yiroq, deb hisoblanmoqda. Bozor kuzatuvchilari aksincha, kelgusi oylarda foiz stavkalari mo‘tadil sur’atda yana oshirilishini kutmoqda. Axir, markaziy bankning ikki foizlik maqsadli inflyatsiya darajasiga yetishiga hali ancha bor.
Umuman olganda, inflyatsiya darajasining pasayishi tavakkalchilik yuqori bo‘lgan investitsiyalar nuqtayi nazaridan ijobiydir.
Mayning qiyinligi va xeshreyt
Aslida esa Bitcoin bilan hammasi joyida. Masalan, xeshreytga qarasak, maynerlar orasida bozor kayfiyati ijobiy ekanini ko‘ramiz. Axir xeshreyt bir necha oydan beri juda tez o‘sib bormoqda. BTC tarmog‘ining jami hisoblash quvvati hozirda soniyasiga 366 ekzaxeshni (EH/S) tashkil etadi. Taqqoslash uchun, yanvar oyidayoq bu ko‘rsatkich 241 EH/s edi.

Bir tomondan, xeshreytning oshishi Bitcoin tarmog‘ini yanada xavfsiz qiladi, chunki 51 foizlik hujumlar kabi xurujlar ehtimoli kamayadi. Boshqa tomondan, maynerlarning investitsiyalari ham yaqinlashib kelayotgan bitcoin halvingi oldidan bozor ulushi uchun raqobatlashayotgan kompaniyalar narxlari oshishidan umidvor ekanini ko‘rsatadi.
Agar davom etayotgan iqtisodiy muammolar ortidan Fed, ECB va boshqalar pul-kredit siyosatini yumshatishga qaytsa hamda muomaladagi fiat pullar miqdorini yana oshirsa, institutsional investorlar mablag‘larining ko‘proq qismini kripto makoni kabi tavakkalchiligi yuqori investitsiya sohalariga yo‘naltiradi.