Dastlabki tarqatish bosqichi doirasida ilk hissa qo‘shuvchilar va investorlar uchun 31-may kuni 386 milliondan ortiq Optimism (OP) tokeni qulfdan chiqarilishi rejalashtirilgan. Joriy narxlarda qiymati 587 million dollar bo‘lgan bu hodisa narxga bosim tushishi borasida xavotirlarni kuchaytirmoqda.

31-may kuni OP tokenlarining qulfdan chiqarilishi bu yil rejalashtirilgan eng yirik shunday hodisalardan biridir. Hozirda muomaladagi OP tokenlari atigi 335 millionni tashkil etadi, shu bois ertangi hodisa muomaladagi taklifni 100% dan ortiqqa oshirishi mumkin.

Tokenlar qulfdan chiqarilishini o‘rganuvchi Unlock Calendar kompaniyasi tahliliga ko‘ra, Optimism tokenlarining qulfdan chiqarilishi dastlabki OP tokeniga sezilarli sotuv bosimini yuzaga keltirishi kutilmoqda. Bunga, asosan, katta foyda ko‘rgan dastlabki bosqich investorlari sabab bo‘ladi.

Optimism’ning eng yirik seed investorlari qatoriga Paradigm, Andreessen Horowitz (a16z) va IDEO CoLab Ventures kabi kriptovalyuta venchur kapital firmalari kiradi. CryptoRank ma’lumotlariga ko‘ra, Seed bosqichida qatnashgan Paradigm va IDEO investorlari hozirda dastlabki investitsiyalariga nisbatan 10 000% dan ortiq foyda ko‘rmoqda.

Biroq, venchur kapital firmalari uchun o‘rtacha xarid narxi taxminan 0,24 dollarni tashkil etganga o‘xshaydi, demak, ular hozirda birgalikda 529% foyda ko‘rmoqda.

Tokenlarni ochish — belgilangan vaqtda o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, unda dastlabki bosqichdagi investorlarga va rivojlanishga muhim hissa qo‘shgan ishtirokchilarga ajratilgan tokenlar muayyan muddatga bloklangandan so‘ng «ochiladi». Kriptovalyuta loyihalari odatda likvidlik past bo‘lgan davrlarda tokenlarning ommaviy sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularni «bloklaydi», chunki bu narxlarga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Optimism — Ethereum tarmog‘idagi tranzaksiyalar va amallarni tezroq, arzonroq va samaraliroq qilish uchun ishlab chiqilgan 2-qavat masshtablash yechimi. OP — Optimism tarmog‘ining boshqaruv tokeni.

O‘tgan yilning 1-iyunida Optimism ilk airdropini o‘tkazib, tarmoqning dastlabki foydalanuvchilariga tegishli qariyb 250 000 ta manzilga OP tarqatdi. 2023-yil 9-fevralda ikkinchi yirik airdrop bo‘lib o‘tdi va 307 000 ta noyob manzilga 11 milliondan ortiq OP tarqatildi.

Airdrop tadbirlari qisqa muddatda tranzaksiyalar faolligining keskin oshishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, OP narxi so‘nggi bir necha oy davomida, umuman olganda, pasayish tendensiyasida bo‘ldi.

OP so‘nggi bir kunda qariyb 10% pasayganidan keyin hozirda 1,52 dollardan sotilmoqda. Token 2023-yil 24-fevralda erishgan 3,54 dollarlik tarixiy eng yuqori narxidan 53% ga arzonlashdi.

#OP #Optimism #usd