Bali hukumati kriptovalyuta orqali tovar va xizmatlar uchun haq to‘layotgan sayyohlarga qarshi choralar ko‘rmoqda. Orol gubernatori Indoneziyaning fiat valyutasi yagona qonuniy to‘lov vositasi ekanini eslatdi.

28-may kuni hukumatga qarashli Antara axborot agentligi Bali gubernatori Vayan Koster shu kuni matbuot anjumani o‘tkazib, kriptovalyutadan «to‘lov vositasi sifatida foydalanadigan [...] sayyohlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini» aytganini xabar qildi.

«Qat’iy choralar deportatsiya, ma’muriy sanksiyalar, jinoiy jazolar, savdo obyektlarini yopish va boshqa keskin choralarni o‘z ichiga oladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Uchrashuvda Bali politsiyasi bosh inspektori va Indoneziya bankining — mamlakat markaziy bankining — Bali vakolatxonasi rahbari Trisno Nugroho ishtirok etdi.

Nugroho kriptovalyuta savdosi ruxsat etilganini, ammo kriptovalyutadan to‘lovlar uchun foydalanish taqiqlanganini yana bir bor ta’kidladi.

Koster Indoneziyaning valyutasi — rupiya — mamlakatda to‘lovlar uchun qonuniy ravishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan yagona valyuta ekanini ta’kidladi. Boshqa valyutalardan foydalanish uchun eng ko‘pi bilan bir yil qamoq jazosi va 200 million rupiya (13 000 dollar) miqdorida jarima belgilangan.

Bali gubernatorining bu bayonoti 26-may kuni mamlakatning nufuzli gazetasi hisoblangan Kompasda surishtiruv hisoboti e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tib yangradi.