Nigeriya Federal Ijroiya Kengashi Federal Aloqa va Raqamli Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Blokcheyn bo‘yicha milliy siyosatni ma’qulladi. Bu mamlakatda blokcheyn texnologiyasidan rasman foydalanishga yo‘l ochadi.
2-may kuni Prezidentning raqamli va yangi media masalalari bo‘yicha maxsus yordamchisi Tolu Ogunlesi tvitida tegishli idoralar muvofiq tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqish ustida ishlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat siyosat ijrosini nazorat qilish uchun Milliy Axborot va Texnologiyalarni Rivojlantirish Agentligi rahbarligida muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuzgan.
Biroq tasdiqlangan siyosat hali ommaga e’lon qilinmagan. Ogunlesi bu hujjat tez orada taqdim etilishini va’da qildi.
Ko‘plab nigeriyaliklar siyosat hujjatini ko‘rmagan bo‘lsalar-da, uning tasdiqlangani haqidagi xabarni olqishladilar. Ayrimlar yangi siyosat mamlakatda kriptovalyutadan foydalanishni qonuniylashtiradimi, degan savolni ham ko‘tardilar.
2021-yilda Nigeriya Markaziy banki (CBN) moliyaviy muassasalarga kriptovalyutaga aloqador operatsiyalar uchun xizmat ko‘rsatishni taqiqladi.
O‘shandan beri CBN sohadagi pozitsiyasiga oydinlik kiritgani yo‘q. Biroq bu kriptovalyutalarning ommalashuviga to‘sqinlik qilmadi — Chainalysis 2022-yilgi Global kriptovalyuta o‘zlashtirish indeksida Nigeriyani eng yuqori 20 ta davlat qatoriga kiritdi.