Dunyodagi yetakchi blokcheyn ekotizimi va kriptovalyuta infratuzilmasi provayderi Binance xalqaro to‘lov xizmati ivendPay’ni Binance Pay uchun global kriptovalyuta to‘lov shlyuzi sifatida tizimga qo‘shdi. Binance Pay — Binance ilovasida foydalanuvchilar o‘rtasida kontaktsiz, chegarasiz va xavfsiz kriptovalyuta to‘lovlarini amalga oshirish imkonini beruvchi xizmat.

Hamkorlik kriptovalyutalarning foydalanuvchilar kundalik hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga, raqamli aktivlarning real hayotdagi foydasini kengaytirishga hamda to‘lovlarni osonroq va qulayroq qilishga yordam beradi. Endi Binance foydalanuvchilari ivendPay’ning xalqaro tarmog‘idagi barcha manzillarda kriptovalyutalari bilan xarid qilishlari mumkin.

ivendPay: kripto to‘lovlar qamrovini kengaytirish

ivendPay — korxonalarga savdo nuqtalaridagi (POS) terminallar, mobil ilovalar, elektron tijorat platformalari, API va savdo avtomatlari orqali kriptovalyuta to‘lovlarini qabul qilish imkonini beruvchi xalqaro to‘lov xizmati. Ayni paytda xizmat yetti mamlakatda faoliyat yuritadi va qariyb 400 ta faol savdogarga ega. Yangi savdo nuqtalari soni esa har hafta ortib bormoqda.

Bu yil ivendPay’ning kengayish ishlari, avvalo, Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan bo‘lib, Portugaliya ro‘yxatning boshida turibdi. ivendPay savdo avtomatlari va chakana savdo tizimlari uchun kriptovalyuta to‘lovlarini ta’minlovchi Yevropa Ittifoqidagi eng yirik provayderlardan biri. Kompaniya Portugaliyadagi eng yirik fintech, regtech, insurtech va kiberxavfsizlik markazi — The FinTech House rezidenti hisoblanadi. Uning hamkorlari qatorida VISA, KPMG va BPI kabi tashkilotlar bor.

Binance Pay’ning biznesni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy rahbari Pakning Luk hamkorlik haqida shunday dedi: “ivendPay’ni strategik to‘lov hamkorimiz sifatida e’lon qilishdan juda xursandmiz. Ularning yechimlari onlayn va oflayn savdogarlarga foydalanuvchilar uchun uzluksiz to‘lov tajribasini taqdim etishda yordam beradi.”

Zamondan bir qadam oldinda

Portugaliyadagi faoliyati tez sur’atlar bilan kengayib borayotgan ivendPay ko‘plab mahalliy korxonalarga kriptovalyuta orqali to‘lov jarayonlarini soddalashtirishda yordam berdi.

Lissabondagi mashhur Ajitama ramen restoranining egasi bu maskan kriptovalyutani ilk qabul qilganlardan biri bo‘lganini aytadi. U raqamli aktivlardan kundalik foydalanishga intilayotgan hamjamiyat tobora kengayib borayotganini anglagan.

Ajitama kriptovalyutani odatiy to‘lov vositasi sifatida qabul qilishga qaror qildi va ivendPay yordamida bitcoin (BTC), ether (ETH) hamda boshqa mashhur aktivlarda to‘lov qilish imkonini yaratdi. Mijozlar QR-kodni skanerlash va raqamli hamyonidan Ajitama’ga mablag‘ o‘tkazish orqali oson to‘lov qilishlari mumkin.

“Bu qaror texnologiyaga qiziquvchi mijozlarni jalb qildi, OAV e’tiborini tortdi va bizni Portugaliyadagi kripto harakatining kashshoflari sifatida tanitdi. Bu o‘zgarishlarning bir qismi ekanimizdan xursandmiz va kriptovalyuta yoki naqd pul bilan to‘laydigan mijozlarga mazali ramen tortiq qilishdan faxrlanamiz”, deya qo‘shimcha qildi Ajitama egasi.

ivendPay yechimini allaqachon joriy etgan La Paparrucha restorani egasi Tiago Coelho shunday deydi: “ivendPay bilan to‘lovlar shu qadar osonki, ayrimlar buni kelajak deb aytishadi — ammo biz uchun bu allaqachon bugungi kun. Undan foydalanish juda oson, mijozlar esa kriptovalyuta bilan to‘lov qilayotganda zavqlanishadi va o‘zlarini xavfsiz his qilishadi.”

Electra chakana savdo tarmog‘i direktori Michalis Gkourtzidis Binance Pay va ivendPay bilan hamkorlik qilib, mijozlarga uzluksiz va xavfsiz to‘lov tajribasini taqdim etishdan xursand ekanini aytdi. U shunday dedi: “Bu hamkorlik tez o‘zgarayotgan raqamli muhitda zamondan ortda qolmasligimizga yordam beradi va kripto hamda blokcheyn sohasida yanada ko‘proq yangiliklarga yo‘l ochishiga ishonamiz.”

Dubayda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi Yalla!Market ham kripto to‘lovlar tendensiyasini qabul qilish niyatini bildirdi.

YallaMarket va YallaHub bosh direktori hamda hammuassisi Leo Dovbenko shunday fikr bildirdi: “YallaMarket va YallaHub moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha jahon markazi bo‘lgan BAAda joylashgan, shu bois bu jarayondan chetda qola olmasdik. Bundan tashqari, mahsulotlarimizni ishlab chiqish strategiyasi mijozlarimizning o‘zgarib borayotgan talablariga qaratilgan. Binance va ivendPay tufayli tezkorligimizni saqlab qolish, yangi to‘lov texnologiyalarini joriy etish va imkon qadar eng yaxshi mijozlarga xizmat ko‘rsatishga e’tibor qaratish imkoniga ega bo‘lamiz.”

Kriptovalyuta to‘lovlari korxonalar va foydalanuvchilar uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Kundalik xaridlar uchun ushbu to‘lov usulini tanlaydigan savdogarlar va iste’molchilar soni ortib borgani sari, bu sohada o‘sish va yangiliklar davom etishiga guvoh bo‘lamiz.