Dune Analytics’dan @dgtl_assets tuzgan hisobotga ko‘ra, Bitcoin Ordinals’ni mint qilish uchun to‘langan jami tarmoq komissiyasi 20-may kuni 1,414 Bitcoin (BTC)ga, ya’ni 38,2 million dollarga yetdi. Bu 20-aprelga nisbatan 700 foizga, 1-apreldan beri esa 831 foizga oshganini anglatadi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, Bitcoin NFT’lariga qiziqish saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, Bitcoin Ordinals’ning aksariyati matnga asoslangan yozuvlarga o‘tgan. Fevraldan aprelgacha matnli va tasvirli yozuvlar nisbatan teng ulushni tashkil etgan edi.
Zanjirlararo BitKeep hamyonining izohiga ko‘ra, Bitcoin Ordinals «har bir alohida SAT [Satoshi yoki Bitcoinning yuz milliondan bir qismi] uchun noyob raqam belgilaydigan, uni kuzatish va o‘tkazish imkonini beruvchi raqamlash tizimidir». Har bir Satoshiga qo‘shimcha ma’lumot qatlamini qo‘shadigan Inscription jarayoni bilan birgalikda bu foydalanuvchilarga Bitcoin blokcheynida noyob raqamli aktivlarni yaratish imkonini beradi.
Aqlli shartnomalar asosida yaratiladigan va IPFS kabi yechimlarda saqlanadigan an’anaviy NFTlardan farqli o‘laroq, BitKeep dasturchilarining tushuntirishicha, «Ordinals to‘liq Bitcoin blokcheynida joylashadi va yon zanjirlar yoki alohida tokenlarni talab qilmaydi».
2023-yil yanvarida Web 3.0 dasturchisi Rodarmor Bitcoin Ordinal’larining nazariy asosini taqdim etdi. Bundan tashqari, Web 3.0 dasturchisi domo 2023-yil mart oyida Bitcoin BRC-20 token standartini yaratdi. U token shartnomalarini yaratish va boshqarish, tokenlarni chiqarish hamda Bitcoin’da o‘tkazish uchun Ordinals va Inscription’dan foydalanadi.
O‘shandan beri 8 milliondan ortiq Bitcoin Ordinals yaratildi, shuningdek, umumiy bozor kapitallashuvi 612,5 million dollar bo‘lgan 24 677 ta BRC-20 tokeni yaratildi. 20-may kuni OKX kriptovalyuta birjasi ushbu portfeldagi eng mashhur token bo‘lgan, bozor kapitallashuvi 300 million dollardan oshadigan ORDI BRC-20 tokeni listingga qo‘shilganini e’lon qildi.
#BTC #bitcoinordinals #bitcoin
