Dunyodagi ilk «blokcheyn texnologiyasi bilan ishlaydigan» SIM-karta Shanxayda taqdim etildi.
BSIM karta nomi bilan tanilgan bu qurilma aslida SIM-karta va bank kartasining integratsiyasi bo‘lib, Internet rivojlanishining keyingi bosqichlari hisoblangan Web3 va metaverse texnologiyalaridan xavfsizroq va qulayroq foydalanish imkonini beradi.
U Xitoyning 390 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega ikkinchi yirik telekommunikatsiya operatori China Telecom bilan hamkorlikda Shanxay Tree-Graph blokcheyn tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan, dunyoda yetakchi ommaviy blokcheyn Conflux tomonidan yaratildi.
BSIM karta tashqi ko‘rinishidan an’anaviy SIM kartaga juda o‘xshaydi, biroq uning xotirasi 10–20 baravar katta, hisoblash quvvati esa 10 baravar yuqori. Tree-Graph direktori Long Fanning so‘zlariga ko‘ra, u zararli hujumlarga uchrash xavfini ham kamaytirishi mumkin.
"BSIM kartasidan Web3 ga kirish vositasi sifatida foydalanish raqamli iqtisodiyotni boshqarishni yaxshilashga yordam beradi", — deya qo‘shimcha qildi u.
China Telecom tadqiqot instituti direktorining o‘rinbosari Li Anmin kompaniya BSIM kartalaridan raqamli identifikatsiyani tasdiqlash, buyumlar interneti, metavers aktivlarini boshqarish va boshqa sohalarda foydalanishni kengaytirishni rejalashtirayotganini aytdi.