Eng yirik USDT stablekoini ortida turgan Tether kompaniyasi zaxiralari uchun BTC sotib olib, MicroStrategy izidan bormoqda. Stablekoin emitenti Bitcoin yordamida zaxiralarini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
17-may kuni bergan bayonotida Tether foydasining bir qismini har oy BTC’ga investitsiya qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Kompaniya «foydasining 15 foizigacha bo‘lgan qismini Bitcoin sotib olishga muntazam ravishda ajratishini» bildirdi.
Bu e’lon kompaniyaning choraklik moliyaviy hisoboti e’lon qilinganidan bir hafta o‘tmay berildi. Hisobotda stablekoin emitenti 1,5 milliard dollar sof foyda ko‘rganini ma’lum qilgan edi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Tether o‘zidagi barcha Bitcoin’larni mustaqil boshqaradi. 2023-yilning birinchi choragi oxiriga kelib, kompaniya 1,5 milliard dollarlik Bitcoin’ga egalik qilgan, bu uning jami zaxiralarining qariyb 2 foizini tashkil etgan. Jami zaxiralarning 85 foizi naqd pul, naqd pul ekvivalentlari va boshqa qisqa muddatli depozitlardan, asosan tijorat qimmatli qog‘ozlaridan iborat.
Tether BTC yetakchi kriptovalyuta sifatida uzoq muddatli qiymat saqlash vositasi ekanini isbotlagani uchun aniq tanlov ekanini bildirdi. Steyblkoin emitenti bu qarorga ta’sir qilgan omillar sifatida Bitcoin narxining so‘nggi o‘n yillikdagi keskin oshishi va an’anaviy moliya tizimidagi muvaffaqiyatsizliklarga qaramay barqarorligini saqlab qolganini keltirdi.
Tether texnik direktori Paolo Ardoino bayonotida dunyodagi ilk va eng yirik kriptovalyuta investitsiya aktivi sifatidagi salohiyati bilan yanada mustahkamlanishini aytdi. Shuningdek, Bitcoin’ning cheklangan taklifi, markazlashmagan tabiati va keng tarqalgan qo‘llanilishi uni «institutsional va chakana investorlar uchun afzal tanlov»ga aylantirganini ta’kidladi.
