Axie Infinity: Origins kartali strategiya o‘yini global miqyosda kengayishda davom etar ekan, Lotin Amerikasi va Osiyodagi Apple foydalanuvchilari uchun taqdim etiladi.

O‘zgarmas token (NFT) loyihasi Axie Infinity yaratuvchilari Sky Mavis o‘yinning eng ommabop asosiy bozorlarida Axie Infinity: Origins kartali o‘yinini Apple App Store’da ishga tushiradi. Avvalroq o‘yin Google Play do‘konida ayrim hududlarda va kompaniyaning Mavis Hub platformasida cheklangan holda mavjud edi.

O‘yinchilarga NFT bo‘lmagan bepul «boshlang‘ich» qahramonlarni taqdim etadigan ushbu kartali strategiya o‘yini dastlab Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlarida, jumladan Argentina, Kolumbiya, Peru, Meksika, Venesuela, Indoneziya, Malayziya va Vetnamda Apple App Store’da ishga tushiriladi. O‘yin barcha platformalarda 1,5 million marta o‘rnatilgan va Google hamda Apple mobil qurilmalari foydalanuvchilari orqali global miqyosda kengayishda davom etishni rejalashtirmoqda.

Sky Mavis, shuningdek, kompaniyaning o‘ziga tegishli Ronin blokcheynida ishlaydigan, saralangan NFT savdo maydonchasi — Mavis Market’ni ham ishga tushirdi. Chorshanba holatiga ko‘ra, Ronin’da joylashtirilgan uchinchi tomon o‘yin yoki dapp ishlab chiquvchilarining ayrim kolleksiyalari ushbu savdo maydonchasida sotiladi. Kompaniya, shuningdek, tovarlar do‘konini ochishni rejalashtirmoqda.

Sky Mavis bosh direktori Trung Nguyen shunday dedi: «Sky Mavis har doim o‘yinchilar egalik qiladigan raqamli millat haqidagi tasavvurni ro‘yobga chiqarishga intilib kelgan va App Store’lar orqali ekotizimimizni Lunacianlarning keyingi avlodiga ochishdan xursandmiz».

Axie Infinity o‘tgan yili yuz bergan 625 million dollarlik xakerlik hujumidan keyin tiklanish ustida ishlamoqda. Mart oyida tarmoqni yanada markazlashmagan va xavfsiz qilish uchun Ronin’ning asosiy tizimlari har tomonlama qayta ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, kompaniya Axie Infinity olamini kengaytirish va ayrim o‘yinlarda Axie intellektual mulkidan foydalanish imkonini berish uchun Tribes Studio, Bali Games, Directive Games va Bowled kabi o‘yin ishlab chiqish studiyalari bilan hamkorlik qilmoqda.