
Silicon vodiysida joylashgan Ripple Labs texnologiya kompaniyasi AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) bilan huquqiy kurashida yirik g‘alabaga erishdi.
Kecha sudya Analisa Torres SECning agentlikning sobiq korporativ moliya direktori William Hinmanning kriptoaktivlar haqidagi bahsli bayonotlariga oid ichki muhokama hujjatlarini muhrlab qo‘yish haqidagi iltimosini rad etdi.
Sud SECning Hinman hujjatlarini yo‘q qilish haqidagi iltimosini rad etdi, chunki bu hujjatlar sud hujjatlari hisoblanadi va ulardan jamoatchilik foydalanishiga ruxsat berilishi kerak degan kuchli taxmin mavjud.
Qaror parchasida shunday deyilgan: «Hinman nutqiga oid hujjatlar [Sudning] iltimosnoma bo‘yicha qaroriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi».
Hinman hujjatlari bo‘yicha huquqiy kurash
Ma’lumot uchun, 2020-yil dekabrida SEC Ripple’ni XRP savdosi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilmagan qimmatli qog‘ozlarni taklif qilishda ayblagan.
Ta’kidlash joizki, sud jarayonining bir qismi Hinmanning 2018-yildagi bahsli nutqiga oid hujjatlarga qaratilgan. U nutqida Bitcoin va Ethereum qimmatli qog‘ozlar emasligini aytgan edi. Biroq XRP 2018-yilda eng yirik uchta kriptovalyutadan biri bo‘lishiga qaramay, Hinman u haqida fikr bildirmagan.
SEC Ripple’ga qarshi da’vo qo‘zg‘atganidan so‘ng, blokcheyn kompaniyasi komissiyadan Hinman nutqining qoralamalarini so‘radi. Hinman bahsli fikrlarini bildirgan paytda, Ripple SEC rasmiysining XRP haqida qanday fikrda ekanini bilishga intilayotgan edi.
AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) hujjatlarni Ripple’ga topshirmaslik uchun katta sa’y-harakatlar qildi. Qizig‘i shundaki, 18 oy va sudning oltita qaroridan so‘ng SEC nihoyat bu hujjatlarni topshirdi.
Hujjatni topshirganiga qaramay, SEC baribir 2023-yil 22-dekabrda aytilgan Hinman nutqini muhrlab qo‘yishni so‘rab iltimosnoma kiritdi. Biroq sud Hinmanning bahsli nutq qoralamasi sud hujjati ekanini asos qilib, iltimosnomani rad etdi.
Jeyms K. Filan ushbu yangilikni ulashdi. U SEC va Ripple o‘rtasidagi da’voni yaqindan kuzatib kelayotgan tajribali huquqshunos.

Ripple bosh direktorining munosabati
Ayni paytda Ripple bosh direktori Bred Garlinghaus Twitter’da g‘alabani nishonladi. Ishda javobgar bo‘lgan Garlinghaus Ripple tez orada Hinman hujjatlarining tahrir qilinmagan nusxasini ommaga taqdim etishini va’da qildi.