#cryptonews #crypto2023 #dyor #BTC #security

Kriptovalyuta uchun apparat hamyonlarining yetakchi provayderi Ledger o‘zining yangi Ledger Recover xizmati bilan kripto hamjamiyatida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchini identifikatsiya qilishga (ID) asoslangan ushbu funksiya kriptovalyuta hamyonlariga kirish kalitlarini tiklash imkonini berishni maqsad qilgan. Biroq bu e’lon xavfsizlik borasidagi jiddiy tanqid va xavotirlarga sabab bo‘ldi.

Yaqinda taqdim etilgan Ledger Recover vositasi maxfiy kalit bo‘lgan va kriptovalyuta hamyoniga kirish hamda zarur bo‘lganda unga bog‘liq mablag‘larni qayta tiklash uchun ishlatiladigan 12 dan 24 tagacha so‘zdan iborat boshlang‘ich ibora yoki tiklash iborasi yo‘qolgan taqdirda zaxira yechimini taklif etishga mo‘ljallangan.

Ledger’ning yangi xizmati tiklash iborasini uchta bo‘lakka ajratib, ularni ishonchli uchinchi tomonlarga yuboradi. The Block xabar berganidek, bu ma’lumotlar birlashtirilib, shifrdan chiqarilgach, asl iborani qayta tiklash uchun ishlatilishi mumkin.

Biroq bu taklif, asosan, mijozni tanish (KYC) talablari sabab foydalanuvchilar va xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar o‘rtasida qizg‘in bahsga sabab bo‘ldi. Tiklash xizmatidan foydalanish uchun foydalanuvchilar shaxsini tasdiqlash maqsadida pasporti yoki milliy shaxsni tasdiqlovchi hujjatini taqdim etishi kerak. Ko‘plab kriptovalyuta ishqibozlari shaxsiy hayot daxlsizligini qadrlaydi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat talabini raqamli valyutalarning markazlashmagan tamoyillariga zid deb biladi.

«Bu juda yomon g‘oya, BU FUNKSIYANI YOQMANG», deb maslahat berdi Polygon Labs xavfsizlik bo‘yicha direktori Mudit Gupta Twitter’da. Bu fikr «DC Investor» nomi bilan tanilgan mashhur kripto-sarmoyador tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. U: «Hech kimga bunday dasturiy ta’minot versiyasiga yangilashni tavsiya qilmayman», dedi.

Gupta seed iborasini bo‘laklarga ajratish g‘oyasini himoya qilib, buni ijobiy qadam deb hisoblashini aytdi. Biroq u shifrlangan kalitlar iborani qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan «3 ta korporatsiya»ga yuborilayotganini ta’kidladi.

Ledger Recover funksiyasi Ledger Nano X apparat hamyonlari uchun mo‘ljallangan 2.2.1 versiyali eng so‘nggi dasturiy ta’minotga kiritilgan. Hozirda shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish talabi Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada va AQSh foydalanuvchilariga tegishli. Kompaniya kelajakda boshqa hukumatlar tomonidan berilgan hujjatlarni ham qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.

Wired nashrining xabar berishicha, xizmat oyiga 9,99 dollar turadi va uchta saqlovchi tashkilot — Ledger, Coincover va EscrowTech — xizmatlariga tayanadi.

«Bu yuz berishi muqarrar bo‘lgan falokat», deb izoh qoldirdi Reddit foydalanuvchisi. «O‘qiyotganlarimga rostdan ham ishonolmayapman; apparat hamyon ishlab chiqaruvchisi sizni dastlabki iborangizni internetda zaxiralashga VA [SHUNINGDEK] ularga pasportingizni/shaxsiy guvohnomangizni berishga undashi aqldan ozgandek tuyuladi».

Ledger hammuassisi va Innovatsiyalar laboratoriyasi vitse-prezidenti Nicolas Bacca Reddit’da foydalanuvchilarning xavotirlariga javob berganiga qaramay, ko‘pchilik xavfsizlik amaliyotlari va zararli shaxslar funksiyadan foydalanib, kalitlarga ega bo‘lishi hamda kriptovalyutalarni o‘g‘irlashi mumkinligidan qo‘rqishini yana bir bor bildirdi.

ImmuneFi Web3 xatolar uchun mukofot platformasining texnologiyalar bo‘yicha rahbari Adrian Hetman ushbu vosita bilan bog‘liq xavfni ta’kidlab, foydalanuvchining pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga kira oladigan zararli shaxs mablag‘larini nazorat qilish imkoniga ega bo‘lishi mumkinligini aytdi. «Shaxsni o‘g‘irlash keng tarqalgan, bu esa kriptovalyuta foydalanuvchilarini hujumning yangi turiga duchor qiladi», dedi Hetman Decrypt nashriga.

Ko‘plab tanqidlarga qaramay, Ledger o‘zining yangi tiklash funksiyasini himoya qildi. The Block nashriga yuborilgan elektron xatda Ledger vakili uchta bo‘lakni paroldan chiqarish jarayoni faqat foydalanuvchi shaxsini tasdiqlaganidan keyin, Ledger qurilmasining o‘zida amalga oshishi mumkinligini tushuntirdi. Vakil jalb qilingan kompaniyalar seed iborasiga hech qanday tarzda kira olmasligini va bu pullik xizmat ekanini ta’kidladi.

Bo‘laklarni himoya qiluvchi uchta kompaniya «seed iborangizga hech qachon kira olmaydi; u “bulutda” saqlanmaydi va zaxira nusxalari faqat shifrlanadi, bo‘laklarga ajratiladi hamda obuna bo‘lgan taqdiringizdagina bevosita Ledger qurilmangizda shifrdan chiqariladi. Demak, Ledger foydalanuvchisi bo‘lib, Ledger’dan avvalgidek foydalanishni istasangiz, buni bemalol davom ettirishingiz mumkin. Siz uchun hech narsa o‘zgarmaydi».

Ledger kriptovalyuta sarmoyadorlari uchun apparat hamyonlarining eng yirik ta’minotchilaridan biri. Kompaniya avval ham tanqidlarga uchragan, xususan, 2020-yilda yuz bergan ma’lumotlar sizib chiqishi oqibatida qariyb 300 000 mijozning telefon raqamlari va yashash manzillari, shuningdek, 1 milliondan ortiq elektron pochta manzillari oshkor bo‘lgan edi.