Bernstein Private Wealth Manager tahlilchilarining fikricha, AQShdagi beqaror bank tizimi bitkoinning ommalashuviga yordam berishi va aktiv narxini oshirishi mumkin.

Mutaxassislar bundan ham ilgarilab, an’anaviy moliya tizimining beqaror holati tufayli tez orada yangi o‘sish davriga kirishi mumkin bo‘lgan BTC’ga sarmoya kiritishni tavsiya qilishdi.

Zaif banklar BTC narxini ko‘tarishi mumkin

Tahlilchilar Gautam Chhugani va Manas Agrawalning fikricha, Amerikadagi bank inqirozi kelajakda yanada chuqurlashishi mumkin va ular bitkoin najotkor sifatida maydonga chiqishi ehtimolini ta’kidlashdi. Ularning nazarida, banklarning ko‘plab inqirozga uchrashi investorlarni an’anaviy moliya tizimidan uzoqlashtirib, BTC’ning keng ommalashuviga va yangi o‘sish davriga turtki berishi mumkin.

“Xavfsiz boshpana signali yangi kripto sikliga olib keladi va raqamli hamyonlarni blokcheyndagi jamg‘arma hisobvaraqlariga aylantiradi. G‘aznachilik obligatsiyalari stavkalari bilan bank omonatlari stavkalari o‘rtasidagi tafovut banklarni yanada zaiflashtiradi, zaif balanslar esa pul bozori fondlariga yana bir ommaviy oqimga sabab bo‘ladi.” 

Eslatib o‘tamiz, AQSh rasmiylari likvidlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarni oshkor qilganidan so‘ng, mart oyida Silvergate Capital, Signature Bank va Silicon Valley Bank (SVB) faoliyatini to‘xtatgan edi. 

Yaqinda First Republic Bank (AQShdagi aktivlarni boshqarish hajmi 200 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 20 ta eng yirik moliyaviy muassasadan biri) aksiyalari rekord darajadagi eng past ko‘rsatkichgacha tushib ketganidan so‘ng, sohaga ehtimoliy inqiroz tarqalishi haqidagi xavotir kuchaydi. Haftalik hisobda 55 foizlik pasayish bankning ko‘ngildagidek bo‘lmagan birinchi chorak moliyaviy natijalarini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay yuz berdi.

Bernstein tahlilchilari, shuningdek, Federal zaxira tizimi bank muammolarini hal qilishga urinib, yana pul chiqarish kampaniyasini boshlashini kutmoqda. Ular investorlarga bitkoin sotib olishni tavsiya qilib, bu aktivning raqamli oltin sifatidagi mavqeini qayta tiklashi mumkinligini aytishdi.

“Kemani qutqarish uchun Fed yana dollarni qadrsizlantirish va pul chiqarishga majbur bo‘ladi. Bu esa Bitkoinning raqamli oltin sifatidagi rolini qaytaradi.”

Beqarorlik fonida BTCning o‘sishi

Dastlabki hayratlanarli voqealarga qaramay, yaqinda yuz bergan bank inqirozi paytida asosiy kriptovalyutaning narxi haqiqatan ham sezilarli darajada ko‘tarildi. SVB qulaganidan bir necha kun o‘tib, uning narxi 28 500 dollarga yetdi va keyingi oyda ham o‘sishda davom etdi. 

An’anaviy moliya tizimi jiddiy muammolarga duch kelgan paytlarda bu aktiv yaxshi natija ko‘rsatishga moyil. Axir u banklar sabab bo‘lgan so‘nggi yirik moliyaviy inqiroz (2008-yilda) davrida yaratilgan. O‘shanda ko‘plab banklar qulab, qayta tiklanishiga to‘g‘ri kelgan edi.

“AQSh bank inqirozi sharoitida Bitkoin ravnaq topishi mumkin”, deya undaydi moliyaviy maslahatchi Bernstein — CryptoPotato’da avval e’lon qilingan.