Asosiy xulosalar
MetaMask Ethereum va kengroq Web3 ekotizimiga kirish eshigi hisoblanadi. U EVM-ga mos tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlaydi va yaqinda Solana hamda Bitcoin kabi EVM bo‘lmagan zanjirlarda ham qo‘llanilishi mumkin; u yerda siz kripto saqlashingiz va markazlashmagan ilovalarga (dApps) ulanishingiz mumkin.
Ushbu qo‘llanma sizni asosiy bosqichlar bilan tanishtiradi: hamyonni o‘rnatish, tiklash iborasini (recovery phrase) himoyalash, uni testnetda mablag‘ bilan to‘ldirish va birinchi token almashinuvini yakunlash.
Xavfsizlik birinchi o‘rinda. Maxfiy tiklash iborangizni (Secret Recovery Phrase) hamma narsadan ustun qilib himoya qiling. Agar uni yo‘qotsangiz, mablag‘laringizga doimiy ravishda kirishni yo‘qotishingiz mumkin va hech kim uni siz uchun tiklay olmaydi.
Kirish
Ethereum ishga tushirilganidan beri Web3 g‘oyasi tobora haqiqatga aylanib bormoqda: nosozlikning yagona markaziy nuqtalarini yo‘qotadigan va foydalanuvchilarga o‘z ma’lumotlarini boshqarish huquqini beradigan ochiqroq internet. DeFi va blokcheynlararo vositalardan foydalanish kengaygani sari, endi tokenlarni almashtirishingiz, kripto aktivlar bilan ta’minlangan kredit olishingiz va hatto Bitcoin’dan Ethereum’da foydalanishingiz mumkin — bularning barchasini vositachisiz amalga oshirasiz.
Ammo bularning barchasidan qanday foydalanish mumkin? MetaMask — keng tarqalgan yechimlardan biri. U eng ko‘p ishlatiladigan Web3 hamyonlaridan bo‘lib, brauzer kengaytmasi va mobil ilova ko‘rinishida ishlaydi. Shu orqali qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, Web3 ilovalaridan foydalanishingiz mumkin. Ushbu qo‘llanmada uning qanday ishlashi va undan foydalanishni qanday boshlash mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
MetaMask nima?
MetaMask — ochiq kodli, o‘z-o‘zini saqlash turidagi issiq hamyon. U dastlab Ethereum va Polygon, BNB Smart Chain, Avalanche, Arbitrum, Optimism hamda Base kabi EVM bilan mos tarmoqlar uchun yaratilgan.
Shuningdek, Solana va Bitcoin kabi EVM’ga kirmaydigan tarmoqlarni ham qo‘llab-quvvatlay boshladi.
MetaMask yordamida aktivlarni bevosita hamyoningizdan sotib olishingiz, sotishingiz va almashtirishingiz mumkin. Mablag‘laringizni boshqarish huquqini hech kimga bermasdan markazlashmagan birjalar va DeFi protokollariga ham ulanishingiz mumkin.
DApp bilan ishlaganingizda, MetaMask ulanishni avtomatik ravishda amalga oshiradi, shu bois hamyon manzillarini qo‘lda nusxalash shart emas. Har qanday tranzaksiya amalga oshishidan oldin MetaMask tafsilotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun qalqib chiquvchi oynani ko‘rsatadi.
Ammo bu hali boshlanishi, xolos. MetaMask’ning asosiy kuchi aqlli kontraktlar va markazlashmagan ilovalarga (DApp) ulanish imkoniyatida. Shu tariqa brauzeringiz to‘laqonli Web3 interfeysiga aylanadi.
MetaMask’ni o‘rnatish
MetaMask Chrome, Firefox, Brave, Edge va Opera brauzerlari uchun kengaytma sifatida mavjud. Shuningdek, iOS va Android tizimlarida mobil ilova sifatida ham ishlaydi. Ushbu qo‘llanma brauzer kengaytmasiga bag‘ishlangan, ammo amallar aksariyat platformalarda deyarli bir xil.
metamask.io saytidagi rasmiy yuklab olish sahifasiga o‘ting. Brauzeringizni tanlang, shunda tegishli internet-do‘kon yoki qo‘shimchalar sahifasiga yo‘naltirilasiz. Kengaytmani qo‘shayotganingizda, u ishga tushishidan oldin ayrim ruxsatlarni berishingiz so‘ralishi mumkin. Ularni diqqat bilan ko‘rib chiqing va o‘zingiz ma’qul deb bilgan ruxsatlarni bering.
Eslatma: MetaMask’ni doim rasmiy saytdan yoki brauzeringizning rasmiy kengaytmalar do‘konidan yuklab oling. Soxta MetaMask kengaytmalari fishing uchun tez-tez ishlatiladi. Shu bois o‘rnatishdan oldin nashriyotchini doim qayta tekshiring.
Maxfiy tiklash iborasi
Hamyonni sozlash va unga mablag‘ kiritishdan oldin bitta muhim tushunchani bilib olishingiz kerak. MetaMask — o‘z-o‘zini saqlash (non-custodial) hamyon. Ya’ni Maxfiy tiklash iborasi (SRP), shuningdek seed iborasi deb ataladigan ibora, faqat sizning qo‘lingizda bo‘ladi. MetaMask uning nusxasini saqlamaydi va uni siz uchun tiklay olmaydi.
SRP’ni birinchi marta ko‘rganingizda, MetaMask sizdan ikki narsani tushunganingizni tasdiqlashingizni so‘raydi:
Maxfiy tiklash iborangizni yo‘qotib qo‘ysangiz, MetaMask uni siz uchun qayta tiklay olmaydi.
Agar kimdir, hatto o‘zini yordam xizmati xodimi deb tanishtirgan kishi ham, Maxfiy tiklash iborangizni so‘rasa, demak sizni firibgarlik bilan chalg‘itmoqchi.
MetaMask SRP’ni qog‘ozga yozib qo‘yishni, metallga o‘yib tushirishni yoki bir nechta xavfsiz joyda saqlashni tavsiya qiladi. Uni yo‘qotish hamyoningizga kirish imkoniyatini butunlay yo‘qotish demakdir. Bu qoidadan istisno yo‘q.
Hamyonni ishga tushirish
Google yoki Apple hisobingizni ulab yangi hamyon yaratishingiz yoki Maxfiy tiklash iborasidan foydalanib uni bevosita sozlashingiz mumkin. O‘zingizga ma’qul variantni tanlaganingizdan so‘ng, kengaytma uchun parol ham o‘rnatasiz. MetaMask kuchli parol yaratish uchun parol menejeridan foydalanishni tavsiya qiladi.
Hamyonni Google yoki Apple orqali tizimga kirib yaratgan bo‘lsangiz ham, unga SRP tayinlanishini yodda tuting. Bu ibora sizning bosh kalitingizdir, shuning uchun qanday ro‘yxatdan o‘tganingizdan qat’i nazar, uni xavfsiz saqlang.
Hamyonni mablag‘ bilan to‘ldirish
Ushbu qo‘llanmada Sepolia test tarmog‘idan foydalanamiz. Sepolia Ethereum asosiy tarmog‘idan mustaqil ishlaydigan, ammo uning sharoitlarini yaqindan taqlid qiladigan sinov tarmog‘idir. Haqiqiy mablag‘ ishlatishdan oldin tranzaksiyalarni xavfsiz mashq qilish uchun bu juda qulay usul.
Sepolia’ga o‘tish uchun MetaMask kengaytmasini oching va ekranning yuqori o‘ng burchagidagi menyu tugmasini bosing.
“Manage” yorlig‘i ostidagi “Networks” bandini bosing.
Tarmoqlar ro‘yxatidan Sepolia’ni tanlang. Avval “Show test networks” tugmasini yoqishingiz kerak bo‘lishi mumkin.
Sepolia tarmog‘iga o‘tgach, kripto kranidan bepul testnet ETH olishingiz mumkin. MetaMask’ning rasmiy saytidagi havolalar orqali qo‘llab-quvvatlanadigan kripto kranlarini topasiz. Ular metamask.io saytining “Learn” yoki “Developer” bo‘limlarida joylashgan. Testnet tokenlarini olganingizdan so‘ng, DApp’lardan foydalanishni boshlashingiz mumkin.
Mavjud test tarmoqlari va ularning tokenlari haqida to‘liq ma’lumot olish uchun MetaMask’ning rasmiy hujjatlarini ko‘ring.
DApp’ga ulanish
Test tarmog‘ida asosiy tarmoqqa nisbatan ilovalar tanlovi cheklanganroq bo‘ladi. Ushbu qo‘llanmada vositachisiz savdo qilishni ko‘rsatish uchun mashhur markazlashmagan birja Uniswap’ga ulanamiz.
1. Uniswap saytiga kiring.
2. Yuqori o‘ng burchakdagi Connect tugmasini bosing.
3. Hamyonlar ro‘yxatidan MetaMask’ni tanlang.
4. Ulanishni tasdiqlashingizni so‘raydigan muloqot oynasi paydo bo‘ladi. Foydalanmoqchi bo‘lgan hisobni tanlang va so‘ralayotgan ruxsatlarni ko‘rib chiqing.
Aksariyat hollarda DApp shunchaki ommaviy hamyon manzilingizga kirish huquqini so‘raydi.
Birinchi token almashinuvingiz
Ushbu misolda testnet ETH’ni DAI’ga almashtiramiz. DAI — steyblkoin sifatida ishlaydigan ERC-20 tokeni. Test tarmog‘idagi bu tokenlar haqiqiy qiymatga ega emasligini yodda tuting.
1. Select a token tugmasini bosing va ro‘yxatdan DAI’ni tanlang. Yoki WETH’ni (o‘ralgan ether) tanlashingiz mumkin.
2. Almashtirmoqchi bo‘lgan ETH miqdorini kiriting. Uniswap qancha DAI olishingizni taxminan ko‘rsatadi.
3. Swap tugmasini bosing va MetaMask qalqib chiquvchi oynasidagi tranzaksiya tafsilotlarini ko‘rib chiqing.
Agar buni asosiy tarmoqda bajarayotgan bo‘lsangiz, gaz to‘lovlarini tekshiring: tarmoqdagi tirbandlikka qarab ular ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Ayrim qo‘llab-quvvatlanadigan tarmoqlarda MetaMask gaz xarajatini almashtirish narxiga qo‘shib ko‘rsatadi, bu esa jarayonni soddalashtiradi. Tasdiqlaganingizdan so‘ng, tranzaksiya yakunlanishini kuting.
Tokenlarim qayerga ketdi?
Tokenlarni almashtirdingiz, ammo DAI hamyoningizda ko‘rinmayapti. Xavotir olmang. Uni qo‘lda qo‘shishingiz kerak bo‘lishi mumkin.
MetaMask’da mashhur tokenlarning aksariyatini avtomatik topadigan Autodetect tokens funksiyasi mavjud. Uni asosiy menyudagi “Settings” bo‘limidan topishingiz mumkin.
Keyin “Transactions and Assets” bo‘limidagi “Assets” bandiga o‘ting va “Autodetect tokens” tugmasini yoqing.
Agar token ko‘rinmasa, uni qo‘lda qo‘shishingiz mumkin.
Kamroq tarqalgan token yoki testnet tokenini qo‘shayotgan bo‘lsangiz, Etherscan’dan topish mumkin bo‘lgan token kontrakti manzili kerak bo‘ladi. Keyin quyidagi amallar yordamida uni qo‘lda qo‘shishingiz mumkin:
MetaMask kengaytmasini oching va [Tokens] yorlig‘i yonidagi uch nuqtali menyuni bosing.
[Manage tokens] bandini tanlang.
Sahifaning pastidagi [Add a custom token] yorlig‘ini tanlang.
Kontrakt manzilini joylashtiring.
Token nomi va kasr xonalari avtomatik to‘ldirilishi kerak.
Barcha maydonlarni to‘ldirgach, “Add token” tugmasini bosing.
Yangilangan balansingizni ko‘rish uchun asosiy ekranga qayting.
MetaMask’ning boshqa imkoniyatlari
MetaMask ushbu qo‘llanmada ko‘rib chiqilganlardan tashqari yana bir qancha imkoniyatlarni taklif qiladi:
O‘rnatilgan token almashinuvi va ko‘priklar. MetaMask tarmoqlar o‘rtasida aktivlarni o‘tkazish imkoniyati bilan birga tokenlarni almashtirish funksiyasini ham taklif qiladi. Qo‘llab-quvvatlanadigan tarmoqlarda gaz to‘lovlari almashtirish narxiga qo‘shilishi mumkin.
Apparat hamyonlarini ulash. Xavfsizlikni oshirish uchun Ledger, Trezor va Lattice kabi apparat hamyonlarini ulashingiz mumkin.
Steyking. MetaMask ayrim aktivlarni bevosita hamyon ichida steyking qilish imkonini beradi.
MetaMask Snaps. Snaps — hamyoningizga yangi funksiyalar va tarmoq qo‘llab-quvvatlashini qo‘shadigan uchinchi tomon kengaytmalari.
Mukofotlar dasturi. MetaMask ball to‘plashga asoslangan mukofotlar dasturini yuritgan. Uning 1-mavsumi 2025-yil 28-oktabrdan 2026-yil 23-yanvargacha davom etgan. Ballar haqiqiy, ammo MetaMask mahalliy token chiqarish bo‘yicha tasdiqlangan reja yo‘qligini bildirgan. Shu sababli “kafolatlangan airdrop” haqidagi da’volarga ehtiyotkorlik bilan yondashing.
Xavfsizlik haqida eslatma
Xavfsizlikning odatiy tamoyillarini yodda tuting. MetaMask — internetga ulangan qurilmada ishlaydigan issiq hamyon. Bu hujum ehtimolini kamaytirish uchun oflayn saqlanadigan sovuq hamyonga qaraganda sizni ko‘proq xatarga duchor qiladi. Quyida yodda tutish kerak bo‘lgan yana bir nechta tamoyil keltirilgan:
SRP’ni hamma narsadan ustun qo‘yib himoya qiling. Uni hech qachon biror saytga kiritmang yoki hech kimga bermang.
Fishing hujumlaridan ehtiyot bo‘ling. DApp’larni taqlid qiluvchi soxta saytlar ko‘p uchraydi. Hamyoningizni ulashdan oldin URL manzilini doim tekshiring.
Ruxsatlarni sinchiklab tanlang. MetaMask’ni faqat ishonchli saytlarga ulang.
Manzilni soxtalashtirishdan ehtiyot bo‘ling. Hujumchilar ba’zan kontaktlaringiznikiga o‘xshash manzillardan juda kichik tranzaksiyalar yuborib, sizni noto‘g‘ri manzilni ko‘chirishga undaydi. Pul yuborishdan oldin manzilni to‘liq tekshiring. MetaMask bunday urinishlarni aniqlashga yordam beradigan jonli manzilni soxtalashtirishdan himoya funksiyasini qo‘shgan, ammo manzilni qo‘lda tekshirish baribir muhim.
Katta miqdordagi aktivlar uchun apparat hamyonidan foydalanishni ko‘rib chiqing. MetaMask’dan interfeys sifatida foydalanib, tranzaksiyalarni Ledger yoki Trezor qurilmasida imzolash qulaylik bilan birga kalitlarni kuchliroq himoya qiladi.
Ko‘p so‘raladigan savollar
MetaMask’dan foydalanish bepulmi?
Ha, MetaMask’ni bepul yuklab olib, undan bepul foydalanish mumkin. Hamyon yaratish uchun haq olinmaydi. Biroq jonli tarmoqda tranzaksiya yuborganingizda yoki tokenlarni almashtirganingizda tarmoq gaz to‘lovlarini to‘laysiz. Hamyon ichida token almashtirish uchun MetaMask xizmat haqini ham olishi mumkin.
Maxfiy tiklash iboramni yo‘qotib qo‘ysam nima bo‘ladi?
Maxfiy tiklash iborangizni yo‘qotib qo‘ysangiz va qurilmangizga kira olmasangiz, mablag‘laringizga kirish imkoniyatini butunlay yo‘qotasiz. MetaMask o‘z-o‘zini saqlash turidagi hamyon bo‘lib, iborangiz nusxasini saqlamaydi. Shu bois hech kim uni siz uchun tiklay olmaydi. Uni oflayn va bir nechta xavfsiz joyda saqlash juda muhimligining sababi ham shu.
MetaMask xavfsiz hamyonmi?
MetaMask — issiq hamyon, ya’ni internetga ulangan qurilmada ishlaydi va oflayn sovuq saqlashga qaraganda ko‘proq xatarga duchor bo‘ladi. Tiklash iborangizni himoyalash, fishing saytlardan qochish, ruxsatlarni tekshirish va katta miqdordagi aktivlar uchun apparat hamyonini ulash orqali undan xavfsiz foydalanishingiz mumkin.
Yakuniy fikrlar
MetaMask — markazlashmagan internetdan foydalanish uchun eng ko‘p ishlatiladigan vositalardan biri. Ushbu qo‘llanmada asosiy jihatlar: sozlash, mablag‘ kiritish, DApp’ga ulanish va ilk token almashinuvini amalga oshirish ko‘rib chiqildi. Biroq hali o‘rganishingiz mumkin bo‘lgan ko‘p narsalar bor. Sepolia test tarmog‘i kabi vositalar aynan sizga notanish funksiyalarni xavfsiz sinab ko‘rish imkonini beradi. Shu bois haqiqiy mablag‘ ishlatishdan oldin mashq qilish uchun ulardan foydalanishdan qo‘rqmang.
Qo‘shimcha o‘qish uchun
Web3 hamyoni nima?
Issiq va sovuq hamyon: qaysi kripto hamyonidan foydalanish kerak?
Ethereum’da gaz to‘lovlari qanday ishlaydi?
Steyblkoin nima?
Apparat hamyoni nima?
