Markazlashmagan texnologiyalar rivojlanishi bilan odamlar ongida ko‘plab bahs-munozaralar paydo bo‘ldi. Biz tanlagan yo‘l to‘g‘rimi? Bu insoniyatga yordam beradimi yoki foydasidan zarari ko‘proq bo‘ladimi? U biz yashayotgan dunyoni qanday o‘zgartiradi?
Bu savollarning ayrimlari hamon odamlar xayoliga kelayotgan bo‘lsa-da, web3 marginallashgan jamoalarga hayotini yaxshilashga yordam berganiga shubha yo‘q.
“Web3’da o‘zimni hayotimda bo‘lgan eng ochiq muhitga tegishlidek his qilaman”
Bu muhitda bo‘lganimdan beri, aniqrog‘i, 2021-yildan boshlab, har kim o‘z o‘rnini topa olishini payqadim. Nega? Chunki markazlashmagan texnologiya g‘oyasi aksilmadaniyatga asoslangan. Bu yerda o‘zingizni boshqalarga moslashtirishga urinishingiz shart emas. Shunchaki o‘zingiz bo‘ling. O‘zingizni namoyon eting, fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing — va darhol sizga o‘xshash fikrlaydigan a’zolari bor hamjamiyatni topishingiz mumkin.
Bu sohadagi ilk foydalanuvchilarning ko‘pchiligi asosiy oqimdan tashqaridagi odamlardir. Buning sababi aynan blokcheyn biz bilgan dunyoning an’anaviy me’yorlariga zid ekanidir.
Web3 jamiyatning chetda qolgan qatlamlarini qanday qo‘llab-quvvatlaydi?
Keling, bu jamoalar kimlardan iboratligini biroz ko‘rib chiqaylik: kam daromadli aholi, qochqinlar, LGBTQ kabi huquqlari cheklangan jamoalar va boshqalar. Endi buni bilganimizdan so‘ng, web3 ularga qanday foyda keltirishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Menimcha, bu guruhlarga eng katta ta’sir ko‘rsatadigan 3 ta yo‘nalish bor:
1. Shaxsni tasdiqlash
Metaverse odamlarga o‘zligini erkin namoyon eta oladigan xavfsiz makon taklif qilishi mumkin. Masalan, LGBTQ hamjamiyatiga mansub shaxslar huquqlari cheklangan mamlakatlarda o‘zlarining asl qiyofasini real hayotda ko‘rsatishga ikkilanib qolishlari mumkin. Buning sababi metaverse real dunyodagi kabi jismoniy cheklovlar va ijtimoiy me’yorlar bilan chegaralanmaganidir.
Metaverseda odamlar tashqi ko‘rinishi, irqi, jinsi, jinsiy orientatsiyasi yoki boshqa xususiyatlariga ko‘ra kamsitilish yoki hukm qilinishdan qo‘rqmasdan o‘zlarini kashf etishlari mumkin. Shuningdek, ular o‘zlarini erkin ifoda eta oladigan va o‘xshash qiziqish hamda o‘zlikka ega insonlar bilan hamjamiyat tuza oladigan virtual muhitda boshqalar bilan muloqot qilishlari mumkin.
2. To‘lovlar
Blokcheyn texnologiyasi orqali kambag‘al mamlakatlar aholisi chegarasiz va arzon tranzaksiyalardan foyda ko‘rishi mumkin. G‘arbiy Afrikadagi Nigeriya mamlakatini misol qilib ko‘raylik. Bu yerdagi odamlar uchun hatto bank hisob raqamini ochish ham qiyin bo‘lishi mumkin. Xalqaro elektraloqa ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, internet va mobil aloqa borasida Nigeriya, ehtimol, eng kam rivojlangan mamlakatdir. Bu yerda blokcheyn odamlarga banklarga ehtiyoj sezmasdan, bir-biri bilan bevosita tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, vositachilarga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etib, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirishga ham yordam beradi.
Bundan tashqari, blokcheyn texnologiyasi pulni saqlash va o‘tkazishning xavfsiz usuli bo‘lishi ham mumkin. Bu, ayniqsa, an’anaviy bank tizimi ishonchsiz yoki unga ishonib bo‘lmaydigan mamlakatlarda foydali.
Xulosa qilib aytganda, blokcheyn texnologiyasi kambag‘al mamlakatlarga pul o‘tkazish va tranzaksiyalarni amalga oshirishning yanada samarali, tejamkor va xavfsiz usulini taqdim etish orqali to‘lovlar borasida foyda keltirishi mumkin.
3. Valyuta
Kriptovalyuta oxir-oqibat, ayniqsa siyosiy rejimi korrupsiyalashgan mamlakatlarda, pulning barqarorroq va qulayroq shakliga aylanishi mumkin. Uning afzalliklaridan biri — markazlashmaganligi va hech qanday markaziy organ tomonidan nazorat qilinmasligidir. Bu an’anaviy fiat valyutalari inflyatsiya va qadrsizlanishga uchrashi mumkin bo‘lgan kambag‘al mamlakatlarda yashovchilar uchun ayniqsa foydali bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, kambag‘al mamlakatlarda yashovchilar uchun kriptovalyutalardan foydalanish qulayroq bo‘lishi mumkin, chunki tranzaksiyalarni mobil telefon orqali amalga oshirish mumkin. Bu, ayniqsa, chekka hududlarda yoki bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan joylarda yashovchilar uchun foydali.
🙏Xo‘sh, siz nima deb o‘ylaysiz? Web3 dolzarb muammolarni hal qiladigan texnologiya bo‘la oladimi? Fikringizni bilishga qiziqaman!
P.S.: Agar postim sizga qiziq tuyulgan bo‘lsa, meni kuzatib borishingizdan mamnun bo‘lardim!