Nvidia kompaniyasining bosh direktori Jensen Huang iste’foga chiqdi, 58 yoshli Colette Kress esa vaqtinchalik bosh direktor etib tayinlandi. U 2013-yil sentabridan beri kompaniya ijrochi vitse-prezidenti va moliya direktori lavozimlarida ishlab kelgan. Sina Finance’ning Newsweek nashriga tayanib xabar berishicha, xalqaro xizmatlar kompaniyasi rahbarlaridan biri Jay Aldert seshanba kuni bergan intervyusida Nvidia asoschining qolipiga mos keladigan boshqa rahbar izlashiga hojat yo‘qligini aytgan. Aldertning fikricha, kompaniya vakolat va mas’uliyatni kuchliroq boshqaruv jamoasi a’zolari o‘rtasida taqsimlashi hamda birgina rahbarga qaramligini kamaytirishi kerak.
Nvidiaga qo‘shilishidan oldin Kress Cisco kompaniyasida uch yil ishlab, moliyaviy strategiya, rejalashtirish, hisobot berish va biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullangan. Bungacha u Microsoft kompaniyasida 13 yil ishlagan, shu jumladan uning Serverlar va vositalar bo‘limida to‘rt yil moliya bo‘yicha rahbar bo‘lgan, shuningdek, Texas Instruments kompaniyasida sakkiz yil faoliyat yuritgan. U Arizona universitetida moliya bo‘yicha bakalavr darajasini, Janubiy Metodist universitetida esa MBA darajasini olgan.
Kress, shuningdek, Nvidianing bozor uchun moliyaviy ma’lumotlarini oshkor qilishni nazorat qiladi va talab, foyda marjasi hamda investitsiya rejalari haqida Uoll-strit tahlilchilari bilan muloqot qiladi. Manbaga ko‘ra, rahbariyatdagi kutilmagan o‘zgarishlar fonida uning tashqi aloqalarga qaratilgan bu vazifasi ayniqsa muhim bo‘ladi.
