IBIT qiymati taxminan 63 milliard dollar bo‘lgan qariyb 815 000 ta bitkoinni boshqaradi. Fondning asosiy saqlovchisi Amerikaning Coinbase kriptobirjasidir. Raqamli aktivlarni saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi bitta provayder qo‘lida shuncha katta mablag‘ning to‘planishi uni kiberjinoyatchilar uchun jozibador nishonga aylantiradi, deb hisoblaydi Van Ishi.
OneKey asoschisi kriptovalyutani o‘g‘irlash uchun xakerlarga hamyonlarning shaxsiy kalitlariga bevosita kirish shart emasligini tushuntirdi. Ular tranzaksiyalarni imzolash infratuzilmasini buzib kirishga va mablag‘larni o‘tkazishga mas’ul xodimlar yoki ichki servislarning vakolatlaridan foydalanishga urinishi mumkin.
Van Ishi hisob-kitobiga ko‘ra, 6 milliard dollarlik bitkoin o‘g‘irlangan taqdirda (Binance bilan bo‘lganidek), IBIT fondi aktivlarining taxminan 9,5 foizini yo‘qotadi. Hozirgi baholashga ko‘ra, bu har bir aksiya uchun taxminan 4 dollarga to‘g‘ri keladi. Ekspert qo‘shimcha xavf sifatida sug‘urta qoplamasining cheklanganini qayd etdi: BlackRock IBIT bitkoinlarini alohida sug‘urtalamaydi. Coinbase’ning 320 million dollarlik sug‘urtasi bor, ammo u faqat fond aktivlarini emas, kompaniyaning barcha mijozlarini qamrab oladi.
Agar o‘g‘irlangan bitkoinlarni qaytarishning iloji bo‘lmasa, saqlovchi va sug‘urtalovchilar to‘laydigan kompensatsiyalar esa yetarli bo‘lmasa, qolgan zararlar IBIT aksiyalari qiymatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Deyarli barcha steyblkoinlardan farqli o‘laroq, o‘g‘irlangan bitkoinlarni markazlashgan emitent qarori bilan bloklab bo‘lmaydi, deya ta’kidladi Van Ishi.
Yirik fondlar boshqaruvidagi birinchi kriptovalyuta hajmining ortishi xakerlik guruhlarini kastodial servislar infratuzilmasiga tobora ko‘proq e’tibor qaratishga majbur qiladi, deb hisoblaydi biznesmen.
Avvalroq TRM Labs platformasi tahlilchilari Shimoliy Koreyaning TraderTraitor guruhini Binance kriptobirjasiga uyushtirilgan hujumning ehtimoliy tashkilotchisi deb atashgan edi. Tadqiqotchilar xakerlarning harakatlarini KXDRdagi xakerlarning avvalgi operatsiyalari bilan bog‘lashdi.