De.Fi Security e’lon qilgan hisobotda 2023-yilning birinchi choragida xakerlik hujumlari va firibgarliklar sabab kripto sanoati 450 million dollardan ortiq zarar ko‘rgani ma’lum qilindi. Umumiy zarar 2022-yilning birinchi choragida qayd etilgan 1,3 milliard dollarlik zarardan sezilarli darajada kam bo‘ldi. De.Fi Security ma’lum qilishicha, yo‘qotilgan 451 million dollarning 210 million dollardan ortig‘i mart oyining dastlabki 20 kunida yo‘qotilgan, qolgan qismi esa yanvar va fevral oylariga to‘g‘ri kelgan. «Barcha e’tibor davom etayotgan bank inqirozi va undan keyin Bitcoin bozoridagi faollikning oshishiga qaratilgan bir paytda, mart oyida kripto yo‘qotishlari uch xonali million miqdoriga yetganini ko‘rdik — bu ketma-ket ikkinchi oy sodir bo‘ldi. Yilning birinchi choragida umumiy zarar qariyb 400 million dollarga yetar ekan, xakerlar va firibgarlar xavfni tobora oshirmoqda», deyiladi hisobotda.
Flash-kreditlardan foydalangan hujumchilar $200 milliondan ortiq mablag‘ni o‘g‘irladi
Yo‘qotishlarning aksariyati ikkita protokolga to‘g‘ri keldi: 13-mart kuni flash-kredit orqali hujumga uchragan Euler Finance va fevral oyida aqlli kontraktdagi zaiflik sabab zarar ko‘rgan BonqDAO. Ular jami $316 million, mos ravishda $196 million va $120 million yo‘qotdi. De.Fi Security eng katta yo‘qotishlar flash-kredit hujumlari tufayli yuz berganini aniqladi: ular orqali $200 milliondan ortiq mablag‘ yo‘qotilgan. Biroq, sodir bo‘lish tez-tezligiga ko‘ra, aqlli kontrakt zaifliklaridan foydalanish eng ko‘p uchragan, undan keyin rug pull holatlari va flash-kredit hujumlari qayd etilgan. Aqlli kontraktlarga 17 ta hujum, sakkizta rug pull holati va oltita flash-kredit hujumi bo‘lgan. Eng katta yo‘qotishlar Ethereum tarmog‘ida qayd etilgan, jinoiy hodisalar esa BNB Smart Chain’da eng ko‘p bo‘lganini ta’kidlash joiz. Yanvardan martgacha xakerlar BNB Chain’da 18 ta, Ethereum’da 10 ta va Arbitrum’da yettita muvaffaqiyatli hujum uyushtirgan.
1-chorakda $130 million qaytarib olindi
Shu bilan birga, Euler Finance hujumchisidan taxminan $130 millionni qaytarib oldi. Mablag‘larining bir qismini qaytarib olgan yagona protokol bo‘lgani uchun Euler 2023-yilning 1-choragida 28,7% tiklanish ko‘rsatkichiga erishdi. “Xulosa qilib aytganda, bu chorakda moliyaviy yo‘qotishlarning sezilarli darajada oshgani markazlashmagan moliya (DeFi) sohasiga sarmoya kiritishda xatarlarni yanada puxta boshqarish va hushyor bo‘lish zarurligini ko‘rsatadi. Investorlar ehtimoliy xavflar haqida ma’lumot olishlari va sarmoyalarini himoya qilish uchun tegishli choralarni ko‘rishlari juda muhim”, deya qo‘shimcha qildi De.Fi Security.