
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi yakshanba kuni Okinavada yapon ayolining talon-toroj qilinishi va o‘ldirilishida gumon qilinib, amerikalik dengiz piyodasi hibsga olinganidan so‘ng AQShga norozilik bildirdi.
Yaponiya politsiyasi xabar berishicha, 20 yoshli Devin Jeykob Ballard shanba kuni Okinava prefekturasining poytaxti Naxa shahridagi mehmonxonada 39 yoshli Anna Yagini o‘ldirishda, shuningdek, uning hamyoni va ryukzagini o‘g‘irlashda gumon qilinmoqda. Ballard bu ishga aloqadorligini inkor etmoqda.
Takaichi bu hodisani «o‘ta shafqatsiz va g‘ayriinsoniy» deb atadi hamda Yaponiya hukumati AQShga keskin norozilik bildirganini ma’lum qildi.
Tokio tergovda Amerika tomonining maksimal darajada ko‘maklashishini, AQSh harbiy xizmatchilari o‘rtasida intizomni kuchaytirishni va shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish choralarini ko‘rishni talab qilmoqda.
AQSh elchixonasi va Dengiz piyodalari korpusi hamdardlik bildirdi hamda Yaponiya hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Dengiz piyodalari korpusi III ekspeditsion dengiz piyodalari kuchlariga biriktirilgan va Futenma aviabazasida joylashgan Ballard Yaponiya hukumati hibsida qolayotganini tasdiqladi. Qo‘mondonlik ayblovlarga jiddiy munosabatda ekanini va dengiz piyodalaridan xulq-atvorning yuqori me’yorlariga rioya etishni kutayotganini bildirdi.
Yaponiyada joylashgan qariyb 18 000 nafar amerikalik dengiz piyodasining aksariyati Okinavada xizmat qiladi. AQShning harbiy ishtiroki samolyotlar shovqini, aviahalokatlar va harbiy xizmatchilarning xatti-harakatlari sababli mahalliy aholining bir qismining noroziligiga bir necha bor sabab bo‘lgan.
Hibsga olish Okinavadagi Amerika bazalari atrofida uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan keskinlik munosabati bilan bosimni kuchaytirishi mumkin. 1995-yilda uch nafar amerikalik harbiy xizmatchining 12 yoshli okinavalik qizni zo‘rlashi ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan.
So‘nggi hodisa Takaichining dengiz piyodalarining ayrim bo‘linmalarini aholi zich joylashgan Futenma aviabazasidan Henokodagi obyektga ko‘chirish borasidagi sa’y-harakatlarini ham qiyinlashtirishi mumkin. Bu rejaga qarshilar qo‘shinlarni Okinavadan butunlay olib chiqishni talab qilmoqda.
Okinavaning Tayvan yaqinida joylashgani prefekturaga Tokio va Vashington uchun mintaqada Xitoyning ehtimoliy harbiy tajovuzini tiyib turishga qaratilgan sa’y-harakatlari nuqtayi nazaridan strategik ahamiyat beradi.