
Samsung Electronics (KS:005930) va beshta affillangan kompaniya birgalikda KKR investitsiya kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan AI-infratuzilma sohasidagi Helix Digital Infrastructure kompaniyasiga 1 mlrd dollar sarmoya kiritadi. Shu tariqa Janubiy Koreyaning texnologik giganti o‘z faoliyatini yarimo‘tkazgichlar bozoridan tashqariga — ma’lumotlar markazlari, energetika va telekommunikatsiya tarmoqlari segmentlariga ham kengaytiradi.
Samsung Electronics 500 million dollar sarmoya kiritadi, qolgan mablag‘ni esa Samsung C&T, Samsung SDS, Samsung SDI, Samsung Life Insurance va Samsung Fire & Marine Insurance ta’minlaydi.
Helix ta’sischilari qatorida KKR, Quvayt investitsiya boshqarmasi, Nvidia va Amerikaning Vistra energetika kompaniyasi ham bor.
Iyun oyida ishga tushirilgan Helix sun’iy intellekt sohasidagi qiymat zanjirining barcha bo‘g‘inlari, jumladan, gipermasshtabli ma’lumotlar markazlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish obyektlari, elektr uzatish va taqsimlash infratuzilmasi hamda optik tolali tarmoqlar uchun infratuzilma yaratishga mo‘ljallangan.
Kompaniyaga Amazon Web Services’ning sobiq bosh direktori Adam Selipski rahbarlik qilmoqda; ma’lumotlar markazlari va energetika sohalari mutaxassislaridan iborat boshqaruv jamoasi shakllantirilmoqda.
Kompaniya elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatini sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishdagi asosiy to‘siqlardan biri deb atadi va Helix zarur quvvatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar hamda Vistra kabi energetika loyihalarini ishlab chiquvchilar bilan hamkorlik orqali ta’minlashni rejalashtirayotganini bildirdi.
Ushbu sarmoya Samsung’ning turli bo‘linmalari tajribasini ham birlashtiradi. Samsung Electronics yarimo‘tkazgich yechimlarini yetkazib beradi, Device eXperience bo‘linmasi esa 2025-yilda sotib olingan FläktGroup orqali ma’lumotlar markazlari uchun sovitish uskunalarini taqdim etadi.
Samsung C&T loyihalash, xarid va qurilish bo‘yicha pudratchi sifatida ma’lumotlar markazlari va energetika loyihalarini amalga oshiradi. Samsung SDS esa ma’lumotlar markazlarini loyihalashtiradi va ulardan foydalanadi, shuningdek, GPU-as-a-service bozoriga kirgan.
Samsung SDI ma’lumotlar markazlari uchun uzluksiz elektr ta’minoti manbalari va zaxira akkumulyator tizimlarini yetkazib beradi hamda ushbu sohada biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Samsungning ma’lum qilishicha, sarmoya sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini global miqyosda kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan va unga qarashli kompaniyalarga Helix doirasida apparat ta’minoti, muhandislik, sovitish, energetika va ma’lumotlar markazlarini boshqarish sohalaridagi tajribalarini birlashtirish imkonini beradi.