Oq uy CNN telekanali jurnalistlariga AQSh prezidenti Donald Trampning 26-sentabr, shanba kungi safari chog‘ida prezidentning Air Force One samolyoti bortida uchishni taqiqladi, deya xabar bermoqda telekanalning o‘zi.

Oq uy matbuot guruhi tarkibidagi CNN jurnalistlari prezidentning Tennessi shtatiga kollejlar o‘rtasidagi Amerika futboli o‘yinini tomosha qilish uchun qilgan safari chog‘ida uning samolyoti bortida uchishi kerak edi. CNN ta’kidlashicha, matbuot guruhi an’anaga ko‘ra, joy cheklangan hududlarda prezident faoliyatini yoritadi va to‘plangan ma’lumotlarni boshqa telekanallar bilan bo‘lishadi.

CNN jurnalistlari bortga chiqarilmasligini telekanal parvozdan oldingi kuni kechqurun bilib oldi. Shu bilan birga, safar jadvalida telekanal jurnalistlarining o‘rniga boshqalar jalb qilinmagan, bu esa prezident tashrifi televideniye orqali yoritilmasligini anglatadi, deya xabar bermoqda telekanal. Oq uy bu xabarga izoh bermadi.

Tramp CNN, MS NOW va Politico’ning Oq uyga kirishini taqiqladi

18-sentabr kuni AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida CNN, MS NOW va Politico muxbirlarining Oq uyga kirishini taqiqlashini yozdi, chunki bu nashrlar go‘yoki soxta yangiliklar tarqatadi.

Ularni matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlar va o‘nlab OAV qo‘llab-quvvatladi. Amerikaning to‘rtta yirik telekanali — ABC, CBS, NBC va Fox News — birdamlik belgisi sifatida Donald Tramp ishtirokidagi tadbirlarni yoritishdan bosh tortdi.

Oq uy sudyaning qarorini e’tiborsiz qoldirdi

Nashrlar sudga birgalikda da’vo arizasi kiritib, taqiq so‘z va matbuot erkinligini kafolatlaydigan Konstitutsiyaning Birinchi tuzatishini buzishini bildirdi. Shu hafta AQSh federal sudi Tramp ma’muriyatiga sud jarayoni davomida CNN, MS NOW va Politico uchun kirish imkoniyatini tiklashni buyurdi.

Biroq bu qarordan keyin ham jurnalistlarning Oq uyga kirishi taqiqlanaverdi. CNN xabar berishicha, telekanal shu haftaning oxirida XXR raisi Si Szinpinning AQShga tashrifi chog‘ida hech qanday to‘siqsiz ishlagan.

#AreWeFree ?, #WorldIsFullOfInterestingStories