CNBC xabariga ko‘ra, Stifel Microsoft aksiyalari bo‘yicha tavsiyasini «saqlab turish»dan «sotib olish»ga oshirdi va narx maqsadini $530 dan $575 ga ko‘tardi. Bu seshanba kungi yopilish narxiga nisbatan 15% o‘sish imkoniyatini anglatadi. Tahlilchi Bred Ribekning aytishicha, sun’iy intellekt va boshqa tashabbuslarning jadal o‘sishi Microsoft’ga daromad o‘sishini o‘n foizning o‘rtalaridan yuqori darajada saqlashga yordam berishi kerak. Bunda Azure va Copilot xizmatlari qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘ladi, operatsion samaradorlik hamda kuchli pul oqimi esa tashqi moliyalashtirishga ehtiyojni cheklashi mumkin. Shuningdek, u M365 mahsulotlaridagi yaxshilanishlar Copilot’dan foydalanishning davom etishiga ko‘maklashishi, GitHub’dan foydalanishning ortishi esa o‘sishni o‘n foizning o‘rtalaridan yuqori darajada ta’minlashi mumkinligini aytdi. Ribekning qo‘shimcha qilishicha, Azure samaradorligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar, kapital xarajatlarning intizomli boshqarilishi va operatsion xarajatlarning nazorat ostidagi o‘sishi Microsoft’ga joriy operatsion marjalarini saqlab qolish imkonini berishi kerak. Microsoft aksiyalari so‘nggi 12 oyda taxminan 2% ga pasaydi. LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, aksiyani kuzatib borayotgan 60 tahlilchidan 57 nafari unga «sotib olish» yoki «kuchli sotib olish» reytingini bergan.