AQSh va Isroilning Eron bilan bo‘qnashuvi jahon energetika bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Keskinlashuv neft yetkazib berishda doimiy uzilishlar, transport xarajatlarining oshishi va xomashyo bozorlarida risk uchun mukofotlarning ko‘tarilishi bilan tahdid qilmoqda. Siyosiy sabablar tufayli neft qimmatlashganda, odatda neft-gaz va mudofaa kompaniyalari yutadi. Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, foyda boshqa tarmoqlar vakillariga ham tegadi: sug‘urta, oltin qazib olish va hatto atom energetikasi.

Tankyer floti va dengiz sug‘urtasi

Neft mojarolari bo‘yicha asosiy benefitsiarlar — dengiz yuk tashuvchilari. Ormuz bo‘g‘ozi bloklangani sabab marshrutlar masofasi uzaydi va tashish uchun mavjud kemalar soni qisqardi. Bu esa yuklarni tashish qiymatining (fraxt stavkalari) o‘sishiga olib keldi. Garchi AQSh va Eron mojarosi boshlanganidan buyon yirik tankerlarga sug‘urta narxi 10–20 baravar oshgan bo‘lsa-da, yuk tashish kompaniyalari sof foydaning o‘sishi haqida hisobot berdi. Chunki harbiy xavflarni yuk egalarining o‘zlari qoplaydi, shuning uchun bu yo‘nalish tashuvchilar moliyaviy natijasiga ta’sir qilmaydi.

Sektor vakillari orasida Kiprdagi Frontline, Bermud orollaridagi Nordic American Tankers va Belgiyadagi CMB.TECH’ni ajratib ko‘rsatish mumkin. 1-chorakda FRO va NAT aksiyalari kotirovkasi 60% dan oshdi, Frontline uchun esa 1-chorak 20 yildan ortiq davrdagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Uning sof foydasi 345 mln dollarni tashkil etdi, bu esa dividendlarni 50% ga oshirish imkonini berdi.

Geosiyosiy xavflar kuchayishi xavfli hududlar orqali o‘tadigan kemalar uchun sug‘urta qiymatini avtomatik oshiradi. Qo‘shimcha sug‘urta premiyalarini, masalan Buyuk Britaniyadagi Lloyd's of London kabi sindikatlar va xalqaro qayta sug‘urtalovchilar oladi, biroq shu bilan birga ular uchun sug‘urta hodisasi ro‘y berish xavfi ham ortadi.

Oltin va qimmatbaho metallar

Energetika bozoridagi an’anaviy qiyinchiliklar ko‘pincha investorlarning himoya aktivlariga qiziqishini oshiradi. Eng katta foyda oltin qazib oluvchi kompaniyalarga tegishli, chunki ularning ishlab chiqarish xarajatlari oltin narxining o‘zi kabi tez emas, ancha sekinroq o‘sadi. Natijada foyda metall narxidan tezroq ko‘payadi.

Sektor yetakchilari orasida AQShning Newmont kompaniyasi, shuningdek Kanadaning Barrick Mining va Agnico Eagle Mines kompaniyalari bor. 2020 yilda oltin qazib oluvchi kompaniyalar darhol ikki tomondan qo‘llab-quvvatlandi: arzon neft ularning yoqilg‘i va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirdi, dunyodagi misli ko‘rilmagan pul emissiyasi esa oltinga bo‘lgan talabni oshirdi. Shunday sharoitda 2020 yil martidan avgustigacha Barrick Mining aksiyalari 140% ga qimmatlashdi.)

Atom energetikasi va uran

Agar harbiy mojarо energetik resurslar (ayniqsa gaz) narxlarining uzoq muddat yuqori bo‘lishiga olib kelsa, davlatlar xavfsizlikni ta’minlash va atom avlodini rivojlantirishga ko‘proq e’tibor bera boshlaydi.

Bunday vaziyatda uran ishlab chiqaruvchilar, avvalo amerikalik Uranium Energy va kanadalik Cameco yutadi, shuningdek URA va URNM kabi tarmoq ETF’lari ham. Bu fondlarga kiritilgan mablag‘lar atom energetikasining rivojlanishi uzoq muddatli investitsiya siklini talab qilgani uchun, sabr bilan kutishga tayyor bo‘lganlar uchun mos.

Keng xomashyo sikli

Neft narxlari bilan birga ko‘pincha boshqa bir xomashyo ham transport xarajatlarining oshishi va inflyatsion kutilishlar sababli qimmatlashadi. Bunday ssenariylar rivojidan daromad tovar ETF’lar orqali topish mumkin, jumladan AQSh birjalarida savdoga chiqariladigan DBC, PDBC va COMT — ular keng ko‘lamdagi xomashyo fyucherslariga investitsiya qiladi.

Diqqat markazida emas

Neft inqirozlari faqat xavflarni emas, balki yangi investitsiya imkoniyatlarini ham olib keladi. Bir sohalar energetik resurslar narxining keskin oshishidan aziyat cheksa, boshqalari o‘sishga qo‘shimcha turtki oladi. Shuning uchun ham geosiyosiy notinchlik davrlarida bozorni kengroq ko‘ra oladigan investorlar ko‘pincha ilgari e’tibordan chetda qolgan sektorlar va mamlakatlarda eng qiziqarli g‘oyalarni topishadi.

#WorldNews2026 , #MarketTurbulence