Yevropa qonunchilari 1 000 yevrodan oshadigan anonim kripto tranzaksiyalarini cheklovchi yangi qonun loyihasini deyarli bir ovozdan ma’qulladi. Reglament hali qonun kuchiga kirishi uchun imzolanmagan.
Yevropa Parlamenti a’zolari kripto tranzaksiyalariga oid tartib-qoidalarni kuchaytiruvchi uchta qonun loyihasini ma’qulladi. Qonunchilik pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish masalalariga qaratilgan bo‘lib, bevosita raqamli aktivlarni nishonga olmaydi. Biroq qonun kuchiga kirishi bilan anonim pul o‘tkazmalarini atigi 1 000 yevro bilan cheklash orqali sohaga ta’sir ko‘rsatadi.
Ko‘rib chiqilayotgan paket uchta qonun loyihasini o‘z ichiga oladi:
- mijozlarni lozim darajada tekshirish, benefitsiar mulkdorlar haqidagi ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlash (bir-biriga ulangan ko‘plab yuridik shaxslar orqali tashkilotni nazorat qiluvchi yakuniy mulkdorning shaxsini oshkor etish) va «kriptoaktivlar kabi anonim vositalardan foydalanish» masalalarini tartibga soluvchi Yevropa Ittifoqining «yagona qoidalar to‘plami»;
-pul yuvishga qarshi kurash bo‘yicha 6-direktiva — u vakolatli organlarning, masalan, «erkin zonalarda saqlanadigan aktivlar» haqidagi «zarur va ishonchli ma’lumotlar»dan foydalanishini ta’minlaydi;
- AML/CFT (terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash) qoidalariga rioya etilishini ta’minlash uchun Pul yuvishga qarshi kurash bo‘yicha Yevropa organini (AMLA) tashkil etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi.
Yangi tranzaksiya cheklovlari: naqd pul uchun €7,000, kripto uchun €1,000
Qonun loyihalaridagi qoidalarga ko‘ra, banklar, kriptovalyuta kompaniyalari, ko‘chmas va virtual mulk agentlari hamda ayrim boshqa turdagi korxonalar mijozlarining shaxsi va aktivlarini tekshirishi kerak bo‘ladi. Qoidalar tranzaksiyalarga ham cheklov qo‘yadi. Naqd pul uchun limit €7,000, anonim kriptovalyuta o‘tkazmalari uchun esa €1,000 (maqola yozilayotgan vaqtda $1,087) etib belgilangan.
«Yevropaning yangi nazorat organi moliya tizimida pul yuvishga oid yuzaga kelayotgan muammolarni kuzatib boradi. Biz uchun yangi organ milliy nazorat organlari bilan juda yaqindan hamkorlik qilishi va ilk bor bir nechta a’zo davlatda faoliyat yuritadigan, eng yuqori xavfli kriptoaktivlar xizmatlari provayderlari hamda moliya sektori kompaniyalarini bevosita nazorat qilishi muhim», — dedi Pul yuvishga qarshi kurash organi bo‘yicha hamma’ruzachi Emil Radev bayonotida.
Barcha qonun loyihalari sezilarli qo‘llab-quvvatlandi. «Yagona qoidalar to‘plami» uchun 99 nafar Yevroparlament deputati ovoz berdi, 8 nafari qarshi chiqdi, 6 nafari betaraf qoldi. Ikkinchi qonun loyihasi bo‘yicha bu raqamlar mos ravishda 107, 5 va 0 ni, oxirgi loyiha bo‘yicha esa 102, 11 va 2 ni tashkil etdi. Qonun loyihalarining yakuniy shakli bo‘yicha muzokaralar aprel oyida Yevropa Parlamentining yalpi majlisida boshlanadi.
Yangi qoidalar MiCA qonun loyihasiga kiritilishi mumkin
Yangi qoidalar uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan Kriptoaktivlar bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasini (MiCA) to‘ldiradi. Bu raqamli aktivlarga oid, hajmi 400 sahifadan iborat keng qamrovli qonunchilik bo‘lib, Yevropa Ittifoqi bo‘ylab kripto bizneslari uchun yangi huquqiy asos sifatida asta-sekin shakllanmoqda.
MiCA sanoat vakillari o‘rtasida bahslarga sabab bo‘lgan hamda qit’adagi kripto faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan juda batafsil qoidalar va cheklovlarni joriy etadi.
https://coinpaper.com/1292/eu-to-ban-anonymous-crypto-transfers-of-over-1-000-euro