MetaMask yana bir kripto firibgarligi haqida ogohlantirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda soxta airdrop e’lonlari tarqalib, ehtimoliy qurbonlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

MetaMask 31-mart kuni bo‘lib o‘tishi aytilayotgan airdrop haqidagi yolg‘on mish-mishlardan foydalanuvchilarni ogohlantirib, tvit yozdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan bu gap-so‘zlar mutlaqo soxta va xavfsizlikka tahdid soladi, firibgarlar va fishing bilan shug‘ullanuvchilar uchun imkoniyat yaratadi. Kriptohamyon provayderi foydalanuvchilarga kelgusi kunlarda soxta saytlardan ehtiyot bo‘lishni maslahat bermoqda.

Airdrop firibgarliklari kripto sanoatida keng tarqalgan muammoga aylandi va ko‘plab foydalanuvchilar bu nayrangga uchradi. Qonuniy airdroplar fintech kompaniyalariga o‘z loyihalarini targ‘ib qilish va dastlabki foydalanuvchilarni jalb etish, ularga pul ishlash yoki blokcheynga asoslangan xizmatlardan foydalanish imkoniyatini berish imkonini yaratadi.

Aslida, airdrop — tokenlar ko‘rinishidagi sovg‘alarni tarqatish, xolos. Ular ko‘plab foydalanuvchilarni jalb qilishi, natijada ularni xavfsizlik va maxfiylik xatarlariga duchor qilishi ajablanarli emas, chunki ko‘pchilik qonuniy marketing tashabbusi bilan firibgarlik sxemasini farqlashga qiynaladi.

Internetda soxta airdroplar haqidagi hikoyalar juda ko‘p, yangi firibgarliklar esa qo‘ziqorindek ko‘paymoqda. Yaqinda yuz bergan misollardan biri — Blur tokeni airdropi bilan bog‘liq firibgarlik bo‘lib, zararli veb-saytlarga hamyonlarini ulagan foydalanuvchilardan 300 000 dollardan ortiq mablag‘ o‘g‘irlangan.

Firibgarlar ko‘pincha ancha kattaroq o‘ljani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishadi. O‘tgan yili Uniswap birjasi foydalanuvchilarini nishonga olgan o‘g‘rilar atigi ikki qurbonning 8 million dollarlik bitkoin va efirlarini o‘marishgan.

Boshqa tomondan, haqiqiy airdroplar ishtirokchilarga katta daromad keltirishi mumkin. O‘tgan yili ham Bored Ape Yacht Club egalari har bir maymun NFTsi uchun qariyb 100 000 dollarlik kriptovalyuta daromadiga ega bo‘lishdi.