Disney endi metaversga qiziqmayapti. Wall Street Journal xabariga ko‘ra, yuz yillik media va ko‘ngilochar kompaniya «metavers strategiyalarini ishlab chiqish» bilan shug‘ullanuvchi kichik bo‘linmasini tugatdi. Bu qaror Disney’ning kelasi ikki oy ichida ishchi kuchini 7 000 kishiga qisqartirish bo‘yicha butun kompaniya miqyosidagi rejasining bir qismidir. «Ko‘plab hamkasblarimiz va do‘stlarimizning Disney’ni tark etishi achinarli haqiqat, biz bunga befarq qaray olmaymiz», deb yozdi Disney bosh direktori Bob Ayger ichki eslatmasida. «Bu kompaniyada dunyodagi eng iste’dodli va fidoyi xodimlar ishlaydi, ko‘pchiligingiz Disneyga bo‘lgan umrbod mehringizni bu yerdagi ishingizga olib kelasiz. Disneyda ishlashni o‘zgacha qiladigan jihatlardan biri ham shu. Shu bois biz qadrlaydigan ajoyib insonlar bilan xayrlashish yanada qiyin», deya qo‘shimcha qildi u. Ishdan bo‘shatishlar ta’sir qilgan boshqa bo‘linmalar qatoriga Disney Entertainment, Disney Parks, Experiences and Products hamda korporativ bo‘limlar kiradi.
Disney endigina metaversega qadam qo‘yayotgan edi
Disney’ning metaverse borasidagi ambitsiyalari kutilmaganda barham topdi. Bu kompaniya sohani katta ishtiyoq bilan qabul qilib, yillik Disney Accelerator dasturida qatnashish uchun oltita startapni tanlaganidan bir yil ham o‘tmay yuz berdi. Ushbu oltita kompaniya Web3, kengaytirilgan reallik (AR), o‘zgarmas tokenlar (NFT) va sun’iy intellektga ixtisoslashgan edi. O‘tgan yilgi akselerator dasturida Disney tanlagan yagona blokcheyn loyihasi Ethereum’ning ikkinchi qatlamdagi masshtablash yechimi Polygon (MATIC) bo‘ldi. Disney, shuningdek, metaverse strategiyasiga fantaziya sporti, tematik bog‘ attraksionlari va mijozlarga yo‘naltirilgan boshqa tajribalar kirishi mumkinligiga ishora qildi. Bosh direktor Iger ham o‘tgan yili metaverse istiqboliga katta ishonch bildirgan: u metaverse uchun onlayn avatarlar yaratish imkonini beruvchi Genies Inc. startapiga sarmoya kiritib, uning direktorlar kengashiga qo‘shilgan edi.
Facebook’ning Meta kompaniyasi ham metaverseni «tark etdi»
Biroq Disney metaversega egalik qilish yo‘lidagi intilishlaridan qaytayotgan yagona yirik global kompaniya emas. Fevral oyi oxirida Meta rahbari Mark Zuckerberg kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi ishlarini jadallashtirishga qaratilgan «generativ AI bo‘yicha Meta’da yangi yuqori darajadagi mahsulot guruhini» tashkil etish orqali e’tiborni metaversedan sezdirmay boshqa tomonga burdi.