Shveytsariya Alp togʻlarida oʻta himoyalangan yerosti bunkerlar tarmogʻini qurish boshlandi. Ushbu obyektlar sayyoradagi eng boy odamlarning aktivlarini har qanday falokat yuz bergan taqdirda saqlash uchun moʻljallangan.
Bitta yacheykani 99 yilga ijaraga olish narxi 1 mln yevroga yetadi, deya xabar beradi RBK.
Loyiha ortida Brunig Mega Safe AG kompaniyasi turibdi.
Yerosti omborlarini qurish Brunig massivida 100 metrdan ortiq chuqurlikda olib borilmoqda. Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, yuqori xavfsizlik zonasidagi tayyorlov ishlari allaqachon toʻliq yakunlangan, birinchi tayyor bunkerlarni esa 2028 yilda topshirish rejalashtirilmoqda.
Qiziq tomoni shundaki, mijozlar bilan ilk shartnomalar allaqachon tuzilgan, ijara huquqlari esa yer kitobida roʻyxatdan oʻtkazilmoqda, bu esa huquqiy jihatdan ushbu obyektlarni ko‘chmas mulkka yaqinlashtiradi.
Alplardagi xavfsizlik darajasi koʻp bosqichli kirish nazorati bilan Shveytsariya Milliy banki omborlariga teng boʻlishi vaʼda qilinmoqda. Milliarderlar yer ostiga portlovchi moddalar va narkotiklardan tashqari istalgan narsani yashirishlari mumkin.
#Swiss