Yaqinda yuz bergan bank inqirozi davrida AQShning markaziy banki — Federal zaxira tizimi — bir yil ichida ilk bor balansini kengaytirdi. Fed inflyatsiyani jilovlash uchun 2022-yil martidan beri foiz stavkalarini oshirib kelmoqda. Stavkalarni oshirish bilan bir qatorda, Fed miqdoriy qat’iylashtirish (QT) orqali balansini qisqartirib kelmoqda. QTning aksi — miqdoriy yumshatish (QE) bo‘lib, iqtisodiyotni rag‘batlantirishga yordam berish uchun 2020 va 2021-yillarda qo‘llangan usuldir. Inflyatsiyaga qarshi kurash doirasida Fed ko‘rgan choralar iqtisodiyotdan pulni olib chiqib, moliya bozorlarida pasayishga sabab bo‘ldi. Fedning likvidlik kiritishi bir necha oy davom etgan lokdaunlardan so‘ng AQSh iqtisodiyotini rag‘batlantirdi va aksiyalar hamda kriptovalyuta bozorlaridagi keskin o‘sishga qisman sabab bo‘ldi.
Pul bosadigan mashina: brrrrrrr
2022-yil martidan beri Fed balansining hajmi 7 foizga qisqardi, ya’ni Jerom Pauell olib borgan qat’iy pul-kredit siyosati ortidan taxminan 626 milliard dollarga kamaydi.

Fed balansining ko‘rinishi. Manba: TradingView
2023-yil 1-mart holatiga ko‘ra, balans qiymati taxminan 8,33 trillion dollarni tashkil etgan. Silicon Valley Bank (SVB)ning qulashi hozirgi bank inqiroziga turtki bo‘ldi va bu inqiroz butun dunyoga tarqala boshladi. Signature Bank kabi boshqa banklar ham SVB ortidan qulab tushdi, qolgan banklar esa kuchayib borayotgan likvidlik inqiroziga duch kelmoqda. Biroq banklardagi muammolarga faqat likvidlik inqirozi sabab bo‘layotgani yo‘q. Vaziyat tobora yomonlashishidan qo‘rqib, bank aksiyalari keskin qulamoqda. Bu omonatchilarning pullarini saqlash uchun ishonib topshiradigan an’anaviy moliya tizimiga bo‘lgan ishonchning jiddiy yo‘qolishiga va banklardan ommaviy pul yechib olinishiga olib kelmoqda. Fed inqiroz boshlanganidan beri taxminan 393 milliard dollarni muomalaga chiqargan, demak, likvidlik muammolarini hal qilishga tayyor ko‘rinadi. Natijada balans qariyb 4,71 foizga oshdi va bir necha oylik pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish jarayoni ortga qaytdi. AQSh rasmiylari banklar uchun noaniq kelajak va xavf ostidagi milliardlab dollarlar fonida FDIC sug‘urta limitini 250 000 dollardan oshirish ustida ishlamoqda. Bu balansning o‘sishiga qisman sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Yoki Fed banklarning bankrot bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdan, ularni qutqarishga tayyorlanayotgandir. AQShni oldinda, shubhasiz, bir necha notinch hafta kutmoqda. 2024-yilgi prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, Bayden ma’muriyati vaziyatni hal qilish uchun shoshilinch choralar ko‘radi.