Interpolning aytishicha, Chernogoriyada hibsga olingan erkak — Janubiy Koreya va AQShda firibgarlik va boshqa ayblovlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan, inqirozga uchragan kriptokompaniya asoschisi Kvon Do Xyon, ya’ni Do Kvon.

Janubiy Koreya fuqarosi Kvon TerraUSD steyblkoini va unga turdosh Luna tangasini yaratgan blokcheyn platformasiga asos solgan. 2022-yil may oyida bir necha kun ichida ikkala tanganing ham qiymati tushib ketdi. Natijada kripto bozori qariyb 40 milliard dollar yo‘qotdi va spekulyativ sektorda vahima boshlandi.

Interpolning Seuldagi milliy markaziy byurosi juma kuni CNN’ga Kvonning shaxsi barmoq izlari mos kelishi orqali tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Bir kun avval Chernogoriya ichki ishlar vaziri Filip Adžić ijtimoiy tarmoqlarda Kvon deb taxmin qilinayotgan erkak poytaxt Podgoritsada hibsga olinganini yozdi.

“U aeroportda qalbaki hujjatlar bilan hibsga olindi va AQSh, Janubiy Koreya hamda Singapur kabi bir qancha davlatlar tomonidan qidirilmoqda”, dedi Adžić Facebook’dagi postida.

Blokcheyn platformasi Terraform Labs’ni boshqarayotgan paytda Kvon Singapurda yashagan. Seul prokurorlari dekabrda CNN’ga kripto tadbirkor Singapurdan Dubay orqali chiqib ketganidan so‘ng yashirinib yurgan Serbiyada deb taxmin qilinayotganini aytishdi.